Qishning sovuq kunlarida par kurtka eng sevimli kiyimingizga aylanadi. Biroq u avvalgi chiroyini yo‘qotgan va uni tozalash talab etilsa, u o‘z vazifasini bajarishni davom ettirishi uchun qanday yuvish kerak?
Par kurtkani yuvishni boshlashdan oldin unga mos keluvchi yuvish vositasini aniqlab olish kerak. Ularni oddiy quruq kukun bilan yuvish mumkin emas. Shuningdek, xlor kabi vositalardan uy sharoitida foydalanish ham taqiqlanadi. Buning uchun par matolarni yuvish uchun maxsus mo‘ljallangan rangsiz suyuq sovun yoki shampundan foydalanish mumkin.
Yuvishni boshlashdan avval kurtkaning yechib olish mumkin bo‘lgan qismlari va mo‘ynasini olib qo‘ying. Olinmaydigan bezaklarni esa suv o‘tkazmaydigan plyonka bilan o‘rab qo‘yish mumkin.
Par kurtkalarni qo‘lda yuvishni tavsiya etamiz. Agar unda bittagina dog‘ bo‘lsa, uning o‘zini yumshoq shampun va yaxshi cho‘tka yordamida tozalash mumkin.
Agar uni to‘liq yuvish talab etilsa, quyidagi yo‘riqnomaga amal qilishni tavsiya etamiz:
- par kurtkani vannadagi kiyimosgichga ilib qo‘ying;
- dush yordamida uni yuqori qismidan ehtiyotkorlik bilan namlang;
- uni sovunlay turib, tirsak, manjet, cho‘ntak, zanjirsimon yopqich va yoqa qismlariga e’tibor qarating;
- yaxshi cho‘tka yordamida yuqoridagi qismlarini ishqang;
- ko‘pikni yana dush yordamida yuving, par kurtkaning ichki to‘ldirgichini juda ho‘l qilib yubormaslikka harakat qiling;
- yuvib bo‘lganingizdan keyin ko‘pik izi qolmaganligiga ahamiyat bering.
Eng muhimi par kurtkani faqat vertikal holatda quritish mumkin. Buning uchun yaxshi ob-havoda ham ikki kun talab etiladi.
Izoh (0)