Faoliyatini Turkiya Super ligasida davom ettirayotgan Lukas Podolski mamlakat kubogi doirasida 5 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
U to‘p suradigan “Galatasaroy” o‘z maydonida “Erzinjanspor” klubini qabul qildi va 6:2 hisobida muvaffaqiyat qozondi. Gollarning 5 tasi Lukas Podolski hisobiga yozildi. Klubning Twitter’dagi sahifasi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bor Jardel “Galatasaroy” uchun 5 ta gol urgan bo‘lib, bu voqeaga 6002 kun vaqt to‘lgandi. Aniqrog‘i, Jardel 2000-yilning 19-avgust kuni turk klubi uchun 5 ta gol urib bergandi.
Turkiya kubogida 32 ta jamoa sakkiz guruhga bo‘lib yuborilgan bo‘lib, ikki davra o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi. “Galatasaroy” “E” guruhini “Tuzlaspor”dan keyin 2-o‘rinda yakunladi.
Mamlakat Super ligasining 18-turidan keyin “Galasaroy” peshqadam “Beshiktosh”dan 5 ochko ortda qolgani holda 3-o‘rinni egallab turibdi.
Turkiya kubogi bellashuvlarida Podolski 7 ta gol bilan to‘purarlar reytingida ikkinchi bo‘lib turibdi. Super liganing 11 ta o‘yinida bor-yo‘g‘i 3 ta gol urgan hujumchi chempionati to‘purarlari ro‘yxatida ko‘rinish bermagan.
Izoh (0)