18-yanvar kuni Ispaniyaning Madrid shahrida FITUR–2017 xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi ochildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, Asia Adventures, Central Asia Travel, El Mundo Tour, Olimpic Tour Service, Oriental Tales, Shohina STD, Silk Tour kabi sayyohlik kompaniya va firmalari ishtirok etmoqda, deb xabar beradi O‘zA.
FITUR — eng yirik xalqaro yarmarkalardan biri. Bu galgi yarmarkada 165 mamlakatdan o‘n mingga yaqin sayyohlik firma va kompaniyalari vakillari, ekspert va mutaxassislar ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma sayyohlik sanoatining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan.
O‘zbekiston mazkur xalqaro sayyohlik yarmarkasida bir necha yildan buyon faol qatnashib kelmoqda. 2015-yilgi yarmarkada O‘zbekiston stendi “Eng yaxshi stend” maqomiga sazovor bo‘lgan edi.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Madridda qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan. Muzokaralar davomida hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar yuzasidan fikr almashiladi.
Izoh (0)