Shotlandiya fuqarosi parkovkada yo‘qotib qo‘ygan avtomobil olti oydan so‘ng politsiyachilar tomonidan topildi. Bu haqda 11-yanvar, chorshanba kuni Carscoops ma’lum qildi.
Nashrning xabar berishicha, 2016-yilning iyunida shotlandiyalik The Stone Roses guruhining “Etihad” stadionida bo‘lib o‘tayotgan konsertiga borish uchun do‘stidan BMW avtomobilini so‘rab turgan.
Konsertdan so‘ng mashinani qayerda qoldirganligini eslay olmagan erkak uni topa olmadi. U besh kun davomida besh qavatli avtomobillar parkovkasini ko‘zdan kechirdi, biroq mashinani topa olmadi. BMW’ning egasi ma’lumot uchun turli kompaniyalar va shahar kengashiga murojaat qildi, biroq unga yordam bera olishmadi. Oqibatda ikki oydan so‘ng mashina qidiruvda deb e’lon qilindi.
Yangi yil arafasida politsiya xodimlari yo‘qolgan mashinani topdi — avtomobil shuncha vaqtdan buyon stadion parkovkasida bo‘lgan. BMW’ni topgan inspektorlar endi parkovkaga juda ko‘p pul to‘lashga to‘g‘ri kelishini Twitter’da qayd etdi.
Nashrning ta’kidlashicha, mashinaning shuncha vaqt davomida “saqlanganligi” shotlandiyalikka taxminan 5 ming funt sterlingga (6100 dollardan ortiq) tushishi mumkin.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)