AQSh prezidenti Barak Obamaning xayrlashuv nutqi. Asosiy ma’lumotlar

10-yanvar oqshomida Barak Obama xayrlashuv nutqi bilan chiqish qildi — bu lavozimini tark etayotgan prezident hokimiyatda bo‘lgan davrini sarhisob qilib, kelajak rejalari bilan o‘rtoqlashuvchi an’anaviy murojaatdir. Obamaning nutqi 50 daqiqadan ko‘proq davom etdi; u nafaqat o‘zi erishgan natijalar, balki AQSh yaqin yillarda to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlar haqida ham gapirdi. Meduza AQShning 44-prezidenti nutqidagi eng asosiy nuqtalarga e’tibor qaratdi.

Foto: Meduza

Foto: Meduza

Obama o‘z nutqini shouga aylantirib yubordi. Har doimgidek

Xayrlashuv bayonoti bilan chiqish qilish an’anasiga AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashington tomonidan asos solingan, biroq u ommaviy axborot yetkazish texnologiyalari ommalashganidan so‘ng majburiy odatga aylangan. Vox’ning yozishicha, XX asrning o‘rtalaridan boshlab AQShning bir muddatdan ortiq prezidentlik qilgan barcha davlat rahbarlari shunday nutq bilan chiqish qilgan. Katta Jorj Bush va Barak Obamadan tashqari qolgan barcha prezidentlar Vashingtonda nutq so‘zlagan. AQShning 41-prezidenti o‘z murojaati uchun Vest-Poyntdagi harbiy akademiyani tanlagan bo‘lsa, Obama o‘zining siyosiy faoliyati boshlangan Chikagoda prezident sifatidagi so‘nggi nutqini o‘qidi. Katta Bushni kulrang formadagi bir necha yuz nafar kadet tinglagan bo‘lsa, Obamaning nutqini eshitish uchun minglab oddiy odamlar tashrif buyurdi — ularning ko‘pi murojaat bo‘ladigan joyga chipta olish maqsadida soatlab sovuq havoda turdi.

Obama o‘zining shaxsiy yutuqlariga ko‘p ham e’tibor qaratmadi

Ko‘pincha, xayrlashuv nutqi prezident uchun o‘z yutuqlarini sanab o‘tish uchun bir bahonai sabab. Obama ham maqtanish imkoniyatini qo‘ldan boy bermadi, biroq nutqning bu qismi ikki xatboshidan ortgani yo‘q.

Agar sakkiz yil avval men sizga AQSh misli ko‘rilmagan inqirozni yengib o‘tadi, avtomobil sanoatini qayta ishga tushiradi, uzoq vaqt davomida yangi ish o‘rinlarini yarata oladi, deganimda edi; agar men sizga Kuba xalqi bilan munosabatlar tarixida yangi sahifa ochamiz, birorta o‘q uzmasdan Eron yadroviy dasturini to‘xtatamiz, 11-sentabr teraktlari ortida turgan odamni yo‘q qilamiz, deganimda edi; agar men sizga 20 million fuqaro sog‘liqni saqlash tizimidan foydalanish imkoni bilan ta’minlanadi, deganimdi edi — bularning barchasini aytganimda, siz, ehtimol, katta ishga aralashib qolibmiz, deb o‘ylagan bo‘lardingiz. Lekin biz buni qila oldik. Buni siz qildingiz.

Barak Obama, AQSh prezidenti

Foto: Meduza

Foto: Meduza

Obama nutqining katta qismini AQSh va demokratiyaga tahdidlarga bag‘ishladi

Amerika prezidentlarining eng yodda qolarli xayrlashuv nutqlari, bu — yutuqlar haqida ko‘p gapirilganlari emas, aksincha, lavozimni tark etayotgan siyosatchining kelajakka chizgilari aks etganlaridir. Barak Obamaning murojaati ko‘p jihatdan optimistik ruhda yozilgan bo‘lsa-da, uning aksariyat qismi AQSh kelajakda to‘qnash keladigan tahdidlarga bag‘ishlangan. Prezidentning fikricha, bunday tahdidlar beshta: iqtisodiy tengsizlik, irqiy keskinlik, jamiyatning qutblashuvi, tashqi tahdidlar va demokratik institutlarning puturdan ketishi. “Farzandlarimizga ta’lim bera olishimiz, yangi ish o‘rinlarini yarata olishimiz va vatanimizni himoya qila olishimiz mana shu sinovlarni qanday kutib olishimizga bog‘liq”, — deya qayd etdi lavozimini tark etayotgan prezident.

Men hokimiyat tepasiga kelgan vaqtim, ko‘pchilik Amerika irqiy bo‘linishni yengib o‘ta oldi, deb aytgan edi. Afsuski, mazkur ta’kidlar haqiqiy hayotdan yiroq edi. Irqiy masala jamiyatimizdagi qudratli ayirmachi kuch bo‘lib qolmoqda. Men ko‘pdan beri yashayapman va, ba’zilar nima deyishidan qat’iy nazar, hozirgi ahvol 20 yoki 30 yil avvalgisidan yaxshiroq, deb ayta olaman. Biroq hali maqsadga yetilmagan va biz hammamiz hali ko‘p ishlashimiz kerak. Agar barcha iqtisodiy muammolar mehnatsevar oq tanli o‘rta qatlamning dangasa ozchilikka qarshi kurashi bilan izohlanadigan bo‘lsa — badavlat odamlar jamiyatdan yanada kuchliroq ajralib chiqayotgan bir vaqtda, barcha ranglardagi mehnatkashlar bir burda non uchun mushtlashishga majbur bo‘ladi. Agar biz muhojirlarning farzandlari biz kabi tashqi ko‘rinishga ega bo‘lmagani uchun ularga bor quvvatimizni berishni xohlamas ekanmiz, biz o‘z farzandlarimizni boy beramiz, chunki kelajakda mehnatga layoqatli aholi orasida muhojirlarning farzandlari ulushi o‘sishda faqat davom etadi.

Barak Obama, AQSh prezidenti

Obama Rossiya haqida deyarli hech narsa demadi

AQSh prezidentining nutqida Rossiya atigi ikki marta tilga olindi — Obama AQSh uchun tashqi tahdidlar haqida so‘zlayotganida, Rossiyani raqobatchi sifatida qayd etib o‘tdi. U eng asosiy tashqi tahdidlar sifatida terrorchilik va avtoritar tuzumlarni sanadi. Obamaning fikricha, ular “o‘zgarishlarga nisbatan; boshqa tilda so‘zlashayotgan va boshqa tilda ibodat qilayotgan odamlarga nisbatan qo‘rquv; va qonun ustuvorligiga nisbatan nafrat uyg‘otadi”.

Aynan shu sababli ham biz butun jahon bo‘ylab demokratiya, inson huquqlari, ayollarning huquqlari uchun kurashdan voz kecha olmaymiz. Bizning urinishlarimiz qanchalik nomukammal bo‘lmasin, biz Amerikani shu yo‘l bilan himoya qilamiz. Ekstremizm, ksenofobiya, dinlararo adovat va shovinizmga qarshi kurash — avtoritarizm va agressiyaga qarshi kurashga juda ham yaqindir. Agar jahonda erkinlik kamaysa va qonun ustuvorligi toptalsa, davlatlar o‘rtasida urush xavfi ortadi.

Shunday ekan, ogoh bo‘lamiz, lekin qo‘rqmaymiz. IShID begunohlarni o‘ldirishga urinadi — lekin biz konstitutsiyamizga xoinlik qilmasak va o‘z kurash tamoyillarimizdan voz kechmasak, ular Amerika ustidan g‘alaba qozona olmaydi. Rossiya va Xitoy kabi raqobatchilar jahonda biz kabi nufuzga ega bo‘la olmaydi — toki biz o‘zimiz o‘z prinsiplarimizga xiyonat qilib, nisbatan kichik qo‘shnilarini qo‘rqituvchi yana bir katta mamlakatga aylanib olmasak.

Barak Obama, AQSh prezidenti

Obama Donald Tramp haqida qariyb hech nima demadi

50 daqiqadan ortiqroq vaqt davomida Barak Obama AQShning saylangan prezidentini faqat bir marta — hokimiyatni tinch va xotirjam holda topshirish haqida fikr yuritayotganida tilga oldi.

To‘qqiz kundan so‘ng butun dunyo demokratiyamiz cho‘qqisi — hokimiyatning erkin saylangan bir prezidentdan boshqasiga o‘tishini guvohi bo‘ladi. Saylangan prezident Trampga mening ma’muriyatim hokimiyat almashinuvi maksimal darajada ravon o‘tishini ta’minlashiga — xuddi menga mendan avvalgi prezident Bush va’da qilganidek — va’da berdim.

Barak Obama, AQSh prezidenti

Obama tenglik uchun kurashish lozimligi haqida gapirib, musulmonlarni diskriminatsiya qilishni qoralagan, global isishga qarshi kurash haqida fikr yuritgan yoki AQShdagi bo‘lajak sog‘liqni saqlash islohoti haqida o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashgan vaqtda Trampni nimkosa ostida tanqid qildi.

Foto: Meduza

Foto: Meduza

Obama prezidentlikdan ketganidan so‘ng, AQSh siyosiy hayotida qatnashishda davom etishiga ishora qildi

Aksariyat AQSh prezidentlari vakolat muddati yakuniga yetganidan so‘ng, poytaxt Vashingtonni tark etadi va siyosiy hayotdan uzoqlashadi. Eng sezilarli istisno sifatida Vudro Vilsonni ko‘rsatish mumkin — u 1921-yili hokimiyatni topshirganidan so‘ng, vafotiga qadar poytaxtda yashab qolgan. Barak Obama o‘z xayrlashuv nutqida, ehtimol, nafaqat Vashingtonda yashab qolishi mumkinligiga, balki muhim siyosiy masalalar — noqonuniy muhojirlikdan tortib, global isishgacha bo‘lgan mavzularda o‘z mulohazalarini bildirib borish niyatida ekanligini anglatdi.

Men bu haqda avval ham gapirgandim, yana bir bor takrorlayman. Agar kimdir yangi sog‘liqni saqlash islohotini o‘ylab topib, u biz tatbiq etgan islohotdan ko‘ra yaxshiroq ekanini namoyish eta olsa; agar kimdir kamroq pul sarflab, ko‘proq odamlarni sog‘liqni saqlash tizimi bilan qamrab ola bilsa — men bu rejani ochiq qo‘llab-quvvatlayman.

Barak Obama, AQSh prezidenti

Obama oila haqida ko‘p gapirdi

Obama nutqi davomida yig‘ilganlarga, shuningdek, so‘nggi sakkiz yil davomida u bilan birga ishlagan odamlarga minnatdorchilik bildirdi. Uning ayoli va qizlariga qarata aytgan so‘zlari esa ayniqsa iliq yangradi.

Mishel Lavon Robinson, Saus-Saydlik qiz. So‘nggi 25 yil davomida sen shunchaki mening ayolim va farzandlarim onasi bo‘lib qolganing yo‘q. Sen mening eng yaxshi do‘stimga aylanding. Sen o‘zingga nasib etgan rolni tanlaganing yo‘q, biroq bu rolni o‘zingga xos nazokat, qat’iyat, uslub va yumor hissi bilan ijro etding. Shunday qildingki, Oq uy xuddi hammaga tegishlidek bo‘ldi. Sen yangi avlod odamlari uchun namuna bo‘lding. Men sen bilan faxrlanaman, butun mamlakat sen bilan faxrlanadi.

Maliya va Sasha. Eng g‘alati sharoitlarda siz mana shunday ajoyib qizlar bo‘lib voyaga yeta oldingiz. Sizlar zukko va xushro‘ysiz. Lekin undan ham muhimrog‘i — siz mehribon, g‘amxo‘r va juda ham fahm-farosatlisiz. E’tibor yukidan sizga oson bo‘lgani yo‘q! Hayotimda qilgan ishlarim orasida eng ko‘p sizlarga ota bo‘lganimdan faxrlanaman.

Barak Obama, AQSh prezidenti

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing