O‘zbekiston milliy terma jamoasining JCh—2018 yo‘lidagi raqibi Eron Amirliklarda yig‘in o‘tkazmoqda, deb xabar berdi “Championat.asia”. Dubay shahrida to‘planishdan maqsad, o‘z guruhida yetakchi bo‘lib turgan eronlik futbolchilarning bugungi kundagi holatini nazorat qilishdan iborat.
Terma jamoa yig‘ini avvaldan rejalashtirilmagan bo‘lib, portugaliyalik Karlush Keyrushning tezkor qarorga kelishi mahalliy fors klublarini shoshirib qo‘ydi. Ular o‘zlarining yetakchi futbolchilarini terma ixtiyoriga yuborishga majbur bo‘ldi.
Bu esa “Persepolis” klubi ustozi Branko Ivankovichga yoqmadi va mutaxassis o‘z noroziligini bildirdi. Natijada Karlush Keyrush Alirizo Beyronvand, Ramin Rizoiyan, Said Husayniy, Muhammad Ansoriy, Vohid Amiriy, Kamol Kamyabiniy va Mehdi Taromiy kabi futbolchilarga javob berishga majbur bo‘ldi.
Karlush Keyrushning so‘zlariga ko‘ra, terma jamoa nazorati ostida bo‘lmagan futbolchilar uning asosiy tarkbiga kirish uchun qolgan futbolchilardan kamroq imkoniyatga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi yanvar va fevral oylarida Turkiya hamda BAA mamlakatlarida xuddi shunday yig‘in o‘tkazadi.
Izoh (0)