AQShning saylangan prezidenti Donald Trapm mansabiga kirishi bilan majburiy tibbiy sug‘urta islohotini bekor qiladi. Bu haqda AQShning yangi vitse-prezidentiga aylanishi kutilayotgan Mayk Pens bayonot berdi, deb xabar qiladi “RIA Novosti”.
Prezident Barak Obama “Arzon tibbiyot to‘g‘risida”gi qonun doirasida majburiy tibbiy sug‘urtalarni joriy qilishning asosiy tashabbuskori edi. Bu islohot xalq orasida Obamacare nomini oldi.
Bu islohotlar ko‘plab bahslarni keltirib chiqardi, xususan, Vakillar palatasida hukmron bo‘lgan Respublikachilar partiyasi qonun ijrosini paysalga solib kelishi tufayli 2014-moliya yili budjeti vaqtida tasdiqlanmadi, buning oqibatida AQSh hukumatining ishi to‘xtab qoldi.
Shunga qaramay, islohot Obama ma’muriyatining eng jiddiy yutuqlaridan biri hisoblanadi. 2013-yil oktabridan 2014-yil iyuniga qadar AQShda 8–10 million kishi tibbiy polisga ega bo‘ldi.
“Va’dalarni bajarish vaqti keldi, va birinchi qadam Obamacare’ning bekor qilinishi bo‘ladi”, — ma’lum qildi Mayk Pens Vakillar palatasining Respublikachilar fraksiyasi bilan tibbiyot sohasi yuzasidan o‘tkazilgan majlis yakunlariga ko‘ra.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda Obama Vakillar palatasidagi demokratlar bilan yig‘ilish o‘tkazib, “Arzon tibbiyot to‘g‘risida”gi qonunning ko‘pchilikni tashkil etuvchi Respublikachilardan himoya qilish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Izoh (0)