O‘zbekiston Mehnat vazirligida YuNDAF (O‘zbekiston hukumati va BMT agentliklarining hamkorlik bo‘yicha hadli dasturi) ijtimoiy himoya bo‘yicha ishchi guruhining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda UzReport xabar bermoqda.
Tadbirda vazirlik va idoralar, nogironlar jamoat tashkilotlari, YuNISEF, YuNESKO, BMT Taraqqiyot dasturi, Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va YuNFPA vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda 2016–2020-yillarda O‘zbekistonda nogiron insonlar farovonligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shma dastur realizatsiyasi masalasi muhokama qilindi. Ayni paytda dasturning tayyorgarlik bosqichi — vaziyat tahlili davom etmoqda. Uning asosida sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik, nogiron bolalar va kattalarni ijtimoiy himoya qilish sohalaridagi ilg‘or xorij tajribasi va resurslarini jalb qilish bo‘yicha konkret tadbirlar ishlab chiqiladi.
Ishchi guruh hamraisi, mehnat vaziri A. Abduhakimov ishlab chiqilayotgan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida nogiron insonlar farovonligi masalalari alohida dolzarblik kasb etishini qayd qilib o‘tdi. Davlat dasturining Prezident tomonidan ko‘rsatilgan ustuvor yo‘nalishlaridan biri barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratishdir.
YuNISEFning O‘zbekistondagi rahbari, ishchi guruh hamraisi S. Graumann rivojlanishi buzilgan bolalar va ularning oilalariga o‘z vaqtida kompleks yordam berish muhimligini ta’kidlab o‘tdi, bu nogironlik oqibatlarini yumshatib, bolalarga o‘z salohiyatini to‘laqonli amalga oshirish imkoniyatini berishi aytildi.
BMT agentliklarining nogironlik masalalari bo‘yicha xalqaro eksperti dr. Mujtahidiy tahlil o‘tkazish metodologiyasi yuzasidan hisobot qildi. O‘zining ilk tashrifi yakunlariga ko‘ra mutaxassis harakatlanishda qiyinchiliklari mavjud insonlar uchun qulay muhitni rivojlantirilayotganini aytib, O‘zbekistonni boshqa ko‘pgina mamlakatlarga bu borada namuna qilib ko‘rsatish mumkinligini ta’kidladi. Ekspert mehnat, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi va moliya vazirliklari, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi xodimlariga professionallik hamda vaziyat tahlilini o‘tkazish metodikasini ishlab chiqishdagi ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi.
Izoh (0)