Samarqandda 23-dekabr, juma kuni xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’ruzada qadim Samarqand va samarqandliklarning salohiyati, yaratuvchilikka ishtiyoqi azaldan baland bo‘lib kelgani, shahar va tumanlar markazlari, qishloqlarning bugungi qiyofasi o‘zgarib, dunyo e’tiborini o‘ziga tortayotgani ta’kidlandi.
Shu bilan bir qatorda, viloyat sanoat salohiyatini yanada oshirish uchun tuman va shaharlarda hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi qayd etildi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavsiyasiga binoan Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Himmat Oqbo‘tayev Samarqand viloyati hokimi etib saylandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq viloyatning sobiq hokimi Zoyir Mirzayev O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari — qishloq va suv xo‘jaligi vaziri etib tayinlangani ma’lum qilingandi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)