O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Moskvaning “Lokomotiv” futbol klubi himoyachisi Vitaliy Denisov Footballchannel.asia talqiniga ko‘ra Osiyo qit’asining noyabr oyidagi eng yaxshi futbolchilari qatoriga kiritildi.
Nashr har oy o‘z reytingini taqdim etib keladi. Vitaliy Denisov oktyabr oyida ham e’tiborga tushib, Germaniyaning “Augsburg” klubida to‘p surayotgan Ku Ja Choldan keyin ikkinchi bo‘lgandi. Noyabr oyida esa eng yaxshi bo‘lish “Borussiya Dortmund”ning yaponiyalik a’zosi Shinji Kagavaga nasib qildi, Denisov yana ikkinchi bo‘ldi.
29 yoshli o‘zbekistonlik futbolchi “Lokomotiv” safida noyabr oyida ikki uchrashuv o‘tkazdi. Birida “Anji” 4:0 hisobida taslim etilgan bo‘lsa, yana birida “Ural” bilan 1:1 hisobidagi durang qayd etildi. Mana shu uchrashuvlar davomida Denisov 7,88 ball to‘pladi.
27 yoshli yaponiyalik Shinji Kagava esa Yevropa Chempionlar Ligasida o‘zini ko‘rsatdi. Jamoasining “Legiya” ustidan qozonilgan 8:4 hisobidagi g‘alabasida Kagava 2 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Bu esa unga 9,37 ball taqdim qildi.
Kuchli beshlikdan, shuningdek, “Ingolshtadt” safida to‘p surayotgan avstraliyalik Mettyu Leki, “Rostov”ning eronlik futbolchisi Sardor Azmun va Avstraliyaning “Sparta” safida harakat qiladigan a’zosi Kreyg Gudvin joy olgan.
Izoh (0)