Ozgina muddatdan so‘ng Gans Xristian Andersenning sevimli qishki ertagi motivlari asosida yaratilgan “Qor malikasi” Yangi yil oilaviy myuzikli o‘zining yangi mavsumini boshlaydi. Namoyishlar 24, 25, 26-dekabr hamda 8, 9, 10-yanvar kunlari “Istiqlol” san’at saroyida bo‘lib o‘tadi. Myuziklning joriy yilda qayta ishga tushirilishi unda ishtirok etib kelgan yulduzli tarkibning yanada kuchayishiga olib keldi.
Muhim yangilik shundan iboratki, shouning yetakchi bosh qahramonlaridan biri — mehribon ertakchi Sardor Milano tomoshalarga faqat 25-dekabrdan qo‘shiladi, negaki u shu paytning o‘zida Rossiyaning “Golos” musiqiy loyihasida band. O‘zbekistonlik yosh iste’dodli xonanda jahon pop-sahnasi yulduzli Olimpini zabt etishda hamda muxlislarini hayratlanarli darajadagi baland va boy diapazonli ovozi bilan hayron qoldirishda davom etmoqda. Qo‘shiqchi turli mamlakatlarda gastrolda bo‘lmoqda, yangi albomlar yozmoqda, bu orada esa musobaqa shaklidagi ijodiy loyihalarda ishtirok etishga ulguryapti. Yaqindagina Sardor Milano “Golos”ning yarim finaliga o‘tdi va, o‘zi tan olganidek, hayajon bilan tanlovning keyingi turiga o‘tishga harakat qilmoqda.
Sardor Milanoning “Golos” vokal tanlovi yarim finalidagi chiqishini juma kuni — 23-dekabrda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda ko‘rish mumkin bo‘ladi. Shu kunlarda Sardor Andrey Maloxovning “Pust govoryat” ko‘rsatuvining “Golos” loyihasining beshinchi mavsumiga bag‘ishlangan sonida suratga tushdi.
Aytish kerakki, “Qor malikasi” myuzikli qaysidir ma’noda “Golos” teleloyihasi bilan o‘xshash jihatlarga ega. Myuziklning yangi mavsumi boshlanishidan biroz oldin “Qor malikasi” yulduzli tarkibini “Golos” loyihasi joriy mavsumining yana bir yorqin ishtirokchisi — mavrikiylik xonanda Xensli Poynen to‘ldirdi. U tomoshabinlar orasida shuhrat qozonib ulgurdi. Diqqatga sazovor jihati, u ikki yildan buyon O‘zbekistonda yashaydi va, o‘zi hikoya qilishicha, Toshkentdagi restoranlardan birida chiqish qiladi. Ilk marta esa “Braziliya” restoranida qo‘shiq ayta boshlagan. U myuziklda “Qirol” rolini ijro etadi.
Myuziklning taniqli artistlari qatoriga yosh iste’dodli vokalchi, O‘zbekiston faxri, Rossiyaning mashhur “Golos. Deti” teleloyihasining 2014-yilgi mavsumida ishtirok etgan Shuhrat Turdixo‘jayev qo‘shildi. Myuziklning eng yosh ishtirokchisi hozir o‘zini ikkinchi tarkibda Qarg‘a rolida sinab ko‘rmoqda. Bu rolni, shuningdek, Jasur Mirsagatov ijro etmoqda, ammo ish tartibining tig‘izligi bois u olti kun davomida uch martadan bo‘lib o‘tadigan barcha tomoshalarda qatnasha olmaydi. Yoshligiga qaramay, 14 yoshli Shuhrat xalqaro tanlovlarda ko‘pgina g‘alaba va yutuqlarga erishgan. Ular orasida Vitebskdagi “Slavyanskiy bazar” bor — u 2012-yilda ushbu tadbirda laureat bo‘lgan. Bunga qo‘shimcha ravishda, Uspenskiy nomli Respublikasi ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi 8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan Shuhrat saksofonda ajoyib musiqa ijro etadi.
Myuzikl eski tarkibi ishtirokchilariga kelsak, ular shou-biznesdagi yutuqlari bilan quvontirishda va hayratga solishda davom etmoqda. Jumladan, Ataman qiz roli ijrochisi, Sankt-Peterburgdagi Baltic Super Star xalqaro vokal tanlovi laureati Sabina Tursunova endi Yevropani zabt etmoqda. Shu yil hisobiga u Pragadagi Diamond Voice xalqaro vokal tanlovida ikkinchi o‘rinni hamda o‘sha yerda o‘tgan “Ezgulik turkumi” tanlovi Gran-prisini qo‘lga kiritdi.
“Golos”ga aloqador eski tarkib artistlaridan iste’dodli xonanda Saida Saydiyeva yana sahnaga chiqadi. Syujet bo‘yicha muz yurak sohibasi bo‘lmish go‘zal va ulug‘vor qahramon rolini ijro etadigan qiz real hayotda o‘z qo‘shiqlari bilan mamlakat yoshlariga hatto eng chekka hududlarda ham taft ulashishga ulgurdi. Bahorda xonanda boshqa mashhur artistlar bilan birgalikda “Biz buyuk yurt farzandlarimiz” festivali doirasida butun mamlakatni kezib chiqib, turli shaharlarda maktab, kollej va litsey o‘quvchilari oldida chiqishlar qildi. Bu esa, o‘zi tan olishicha, uning ijodiga qanot bag‘ishladi. Saida yangi kuch va ilhom bilan o‘zining ilk yakkaxon albomi ustidagi ishlarni davom ettirdi. Uning ichiga yosh ijrochining birinchi mualliflik kompozitsiyasi — “Pozovi” ham kirishi kutilmoqda. “Zvezda po imeni Solnse” iqtidorli bolalar tanlovi ham Saidaga yangi taassurotlar va tajriba keltirdi. Unda xonanda tashkilotchi va boshlovchi sifatida qatnashdi. Ammo uning uchun asosiy mukofot O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24 yilligi munosabati bilan “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi bo‘ldi.
Artistlarga ilhom bag‘ishlayotgan ushbu quvonchli hissiyotlarni ular sahnada turib muxlislarga ulashishga, “Qor malikasi” ertak tomoshasidan unutilmas xotiralar qoldirishga tayyor.
Eslatib o‘tamiz, “Qor malikasi” oilaviy myuzikli O‘zbekistonda birinchi keng ko‘lamli teatrlashtirilgan musiqiy shoudir. Mualliflik kuylarining jonli ijro etilishi, yorqin xoreografiya, hashamdor ssenografiya va nazokatli liboslar — buning bari tomoshabinlarga chinakam Yangi Yil mo‘jizasi va ertak sehri hislarini bag‘ishlaydi.
Tomosha uchun chiptalarni “Istiqlol” san’at saroyi kassalarida, shuningdek, “Myticket.uz” saytida Click, UZCARD, PayMe, UPay, Woy-Wo to‘lov tizimlari yordamida xarid qilish mumkin. Xarid yoki buyurtma qilingan chiptalarning umumiy narxi 200 ming so‘m yoki undan oshiq bo‘lsa, chiptalar Toshkent shahri hududi bo‘yicha bepul yetkazib beriladi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)