Toshkentning “Obod” futbol klubi bilan shartnoma imzolagan Rauf Inileyev yangi jamoasini Angliya chempioni “Lester”ga o‘xshatdi.
“Avval ham klub o‘yinlarini kuzatib borardim. ‘Obod’ menga juda yoqadi. Masalan man boshqargan jamoalar Oliy Ligaga ikki marta chiqib, birinchi yiliyoq joyiga qaytib tushgandi. ‘Obod’ esa harakter ko‘rsatib, Oliy Ligada qoldi”, — deb aytib o‘tgan Rauf Talgatovich.
“Jamoani bekorga o‘zbekning ‘Lester’i deyishmaydi. Bu yoqimli. ‘Obod’ safida asosan yosh futbolchilar to‘p suradi. Mana, to‘purar hujumchi paydo bo‘lgan. Shohruz Norxonov hatto terma jamoadan ham taklif oldi”.
Avvalroq “Championat.asia” nashri Shohruz Norxonovni “Paxtakor” so‘rayotgani haqida xabar qilgandi. Buni “Obod” klubi matbuot xizmati ham tasdiqlagan.
Rauf Inileyev qo‘li ostida kuchli futbolchilarni ko‘rishni istaydi. Biroq “Obod”ning falsafasi biroz boshqacharoq deb ta’kidlagan Inileyev.
“Tarkibni kuchaytirish? Hamma murabbiy kuchli futbolchini istaydi. Ammo klub siyosati shundan iboratki, ko‘proq yosh futbolchilarni tarbiyalash kerak. Busiz iloj yo‘q”.
“Obod”ni “Lester” bilan qiyoslagan Rauf Inileyevning o‘zi Klaudio Ranyeri bo‘la oladimi yoki yo‘q, oydinlik kiritmagan.
Ma’lumot uchun, “Obod” Oliy Ligadagi birinchi mavsumida 14-o‘rinni egallab, 1-ligaga tushib ketishdan omon qolgandi. Angliyaning “Lester” klubi ham 2014/15-yilgi mavsumni 14-o‘rinda yakunlagan. Jamoani Klaudio Ranyeri qabul qilib olgan kelasi mavsumda esa mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan.
Izoh (0)