15-dekabr kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari 18-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident maslahatchilari, hukumat vakillari, vazirlik va idoralar, korxonalar, jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sessiyada ma’ruza qildi, deb xabar beradi UzReport.
O‘z chiqishida Prezident, mavjud imkoniyatlarga qaramay, Toshkent viloyati salohiyati hozirga qadar oxirigacha ishlatilmay kelayotganini ta’kidlab o‘tdi. Davlat rahbari bir narsani ochiq tan olish kerakligini — viloyat sotsial-iqtisodiy ahvoli qoniqarsiz ekanini aytdi. Bosh vazir virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar shundan dalolat bermoqda. Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar soni 18 mingdan oshdi. Murojaatlarning 99 foizi tuman va viloyat hokimlari faoliyatiga oiddir.
Shuningdek, davlat rahbari yaqin istiqbolda viloyatni rivojlantirish borasidagi rejalarni ma’lum qildi. Xususan, yaqin uch yilda Yuqori Chirchiq tumanida paxta dalalarini bosqichma-bosqich qisqartirish rejalashtirilmoqda. Qibray, Yangiyo‘l va Zangiotada joylashgan fermer xo‘jaliklari yerlarini optimizatsiya qilish yo‘li bilan 2–3 gektar maydonga ega meva-sabzavotga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari tashkil etiladi. 10 ming tonna hajmga ega muzlatkich kameralariga ega zamonaviy logistika markazini tashkil etish maqsadi ham oshkor etildi.
Toshkent viloyati rahbariyatiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, barcha soha va tarmoqlarni rivojlantirish dasturlari realizatsiyasi va samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash topshirildi.
Sessiyada tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, O‘zbekiston Prezidentining taqdimiga binoan Boboyev Shukurullo Habibullayevich Toshkent viloyati hokimi sifatida tasdiqlandi.
Izoh (0)