AQShning The National Interest harbiy-siyosiy jurnalida chop etilgan maqolada NATO mamlakatlari hamda Rossiyaning eng xavfli beshtadan quroli o‘zaro qiyoslab ko‘rildi. Tahlilchilar xulosa o‘rnida ikki taraf ham o‘z qurollaridan tutib turuvchi omil sifatida foydalanishini taxmin qildi.
Rossiyaning eng xavfli besh quroli
“Iskander-M” raketa kompleksi“Iskander-M” aniqligi, samaradorligi, raketalarni uchirishga tayyorlashi va boshqa tavsiflariga ko‘ra o‘z toifasidagi G‘arb muqobillaridan ancha ustun turadi.
Foydalanilayotgan o‘q-dori nomenklaturasi tarkibiga bir pog‘onali qattiq yoqilg‘ili, 500 kilometrgacha masofaga mo‘ljallangan 9M723 raketasi kiradi. Raketaning chetlashish ehtimoli 5–7 metrdan oshmaydi.
Ushbu xususiyatlari tufayli mazkur tizim aerodromlar, front orqasi punktlari va boshqa statsionar infrastruktura uchun ajalday xavfli, deb yozadi maqola mualliflari.
Su-27 qiruvchisi
Nashr ushbu samolyotni hajmi, uzoq masofaga uchishi, tezligi va manyovrlarga moslashgani tufayli “o‘lim keltiruvchi platforma” deb ataydi. “Su-27 o‘z ko‘rinishi bilan naqadar xavfli ekanligini namoyish etadi”, — deyiladi maqolada.
Su-27 havoni nazorat qilishga mo‘ljallangan. Asosiy model bir juft turboreaktiv ikki konturli Al-31F dvigatellari bilan ta’minlangan. Normal uchish massasi 22,5 tonnani tashkil etadi. Su-27 oltitagacha “havo-havo” toifasidagi boshqariluvchi o‘rta masofali hamda to‘rttagacha nishon oluvchi kallaklarga ega R-73 yaqin masofali raketalarni tashiy oladi. Samolyot planeri modernizatsiyaga yaxshi moslashgani bois xaridorlar unga alohida e’tibor qaratadi.
S-400 zenit-raketa kompleksi
Tizim 400 kilometrgacha masofada aerodinamik nishonlarni, 60 kilometrgacha esa 4,8 kilometr/sekund tezlikda uchayotgan ballistik nishonlarni (qanotli raketalar, taktik va strategik aviatsiya samolyotlari, ballistik raketalarning harbiy bloklari) ura oladi. Uning radiolokatsion vositalari 600 kilometrgacha bo‘lgan masofada havo nishonlarini aniqlash imkonini beradi.
Maqola mualliflarining fikricha, S-400 ning datchiklar tizimi nihoyatda samarali hisoblanadi, shu bois Rossiya bu komplekslar yordamida deyarli har qanday harbiy harakatlar maydonida mudofaa zonalarini yarata oladi. Qisqa masofali raketalar tezkor va manyovrli nishonlarga zarba berish bo‘yicha yaxshilangan ko‘rsatkichlarga ega.
“Shchuka-B” loyihasi suv osti kemasi
971 “Shchuka-B” loyihasi submarinalari (NATO tasnifi bo‘yicha — Akula) uchinchi avlod ko‘p maqsadli atom suv osti kemalari seriyasi bo‘lib, 1983–2004-yillarda qurilgan. Modernizatsiyadan so‘ng kemalar “Kalibr” komplekslari bilan qurollanishi kutilmoqda.
Maqola mualliflarining fikricha, ushbu submarinalarining yuqori darajada maxfiy tutilishi va yaxshi qurollanishi alyansning nafaqat kemalari, balki yer usti obyektlariga ham katta xavf tug‘dirishi mumkin.
Rossiya maxsus mo‘ljal qismlari
Eng xavfli beshinchi qurol sifatida tahlilchilar maxsus mo‘ljal qismlari harbiy xizmatchilarini ko‘rsatdi. Ularning fikricha, Rossiya maxsus qismlari turli harbiy harakatlar yakuniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan jiddiy harbiy-siyosiy quroldir.
“Maxsus qism qurol emas, lekin u Rossiya qo‘lidagi eng samarador vositalardan biri hisoblanadi”, — ta’kidlanadi materialda.
NATOning eng xavfli besh quroli
“Virjiniya” atom suv osti kemasiAQSh harbiy-dengiz kuchlarining to‘rtinchi avlod “Virjiniya” ko‘p maqsadli atom suv osti kemalari. Submarina maxsus operatsiyalar uchun maxsus jihozlangan — suv osti apparatlari, yengil ammunitsiyali g‘avvoslar uchun shlyuz kamerasi, konteyner yoki o‘ta kichik suv osti kemasi uchun paluba bog‘ichlari bor.
Bu toifadagi kemalar raqib submarinalari bilan chuqurlikda kurashishga, shuningdek, sohilbo‘yida operatsiyalar o‘tkazishga mo‘ljallangan. Ularning bortida yuqori aniqlikdagi “Tomagavk” qanotli raketalari bor. AQSh harbiy-dengiz kuchlarida 12 ta bunday submarina bor. Keyingi besh yilda yana to‘qqizta sotib olinadi. Kemalar harbiy yuklamasi moduli modernizatsiyadan o‘tib, hujum salohiyati ancha oshirilishi kutilmoqda.
F-35 qiruvchisi
Beshinchi avlod istiqbolli, ko‘zga tashlanmaydigan qiruvchi-bombardimonchisi AQShning Lockheed Martin Aeronautics Company (Tactical Aircraft Systems) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan.
Bu qiruvchilarning ishlab chiqarilishi rejadagidan bir necha yilga ortda qolmoqda, samolyotning o‘zi esa ko‘plab texnik nosozliklardan aziyat chekmoqda. Donasi 100 million dollar turadigan F-35A Pentagonning eng qimmat qurollanish dasturlaridan biri hisoblanadi.
NI tahlilchilarining fikricha, vaqt o‘tishi bilan F-35 qo‘rqinchli qurolga aylanishi mumkin. Samolyotning ustun jihatlari sirasiga uni payqash qiyinligi hamda kuchli radioelektron kurash tizimlari ko‘rsatilmoqda.
Qiruvchining uch xil varianti bor — yer usti samolyoti, parvoz masofasi qisqartirilgan, vertikal qo‘nuvchi samolyot, shuningdek, AQSh harbiy-dengiz kuchlari uchun paluba samolyotlari.
B-3 bombardimonchisi
AQSh B-3 uzoq masofali strategik bombardimonchisini yaratmoqda. Jurnalistlarning fikricha, bu qurol kelajakda Rossiyaning ichkari hududlaridagi nishonlarga tahdid solish imkonini beradi.
Loyiha B-2 bombardimonchisining zamonaviylashtirilgan versiyasi hisoblanadi.
Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga qaraganda, bitta samolyot narxi 500 million dollar turadi. Harbiy harakat radiusi — 4 ming kilometr, foydali yuklama — 12,5 tonna.
“Qoplon-2” tanki
“Qoplon-2” toifasidagi tank Germaniya Bundesverining asosiy harbiy tanki hisoblanadi. U qo‘shinlarga 1977-yildan beri yetkaziladi, ayni paytda Germaniya armiyasiga “Qoplon-2A7+” versiyasi yetkazilmoqda. Bu versiya yaxshilangan himoyaga, raqamli minoraga hamda mashinalarni yagona avtomatlashtirilgan muhitga ulovchi uskunalarga ega.
Tanklar Rheinmetall kompaniyasi ishlab chiqargan 120 millimetrli to‘plar bilan jihozlanadi. 2015-yilda Germaniya mudofaa vazirligi 100 ta tank sotib olib, qurollanishdagi “Qoplon-2”lar sonini 328 taga yetkazdi.
Shu bilan birga, tahlilchilar o‘q-dori va volfram yetishmovchiligi bois snaryadlar Rossiya tanklari zirhini yorib o‘tishiga shubha bilan qaramoqda. Snaryadlar T-80, T-90 va T-14 “Armata” zirhini yorib o‘tishi ehtimoli kam.
AH-64 Apache vertolyoti
1980-yillar o‘rtasidan beri AQSh armiyasining asosiy hujumkor vertolyoti hisoblanadi. Vertolyotning bir qancha modifikatsiyalari mavjud. 2014-yil holatiga ko‘ra jahondagi eng keng tarqalgan hujumkor vertolyotdir.
Vertolyot bortida 16 ta Hellfire tanklarga qarshi raketalarini tashishi mumkin, bu esa bir zarbada butun boshli tank rotasini yo‘q qilish uchun yetarlidir.
Izoh (0)