Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari Kristin Lagard xizmat paytida beparvolik qilganligi, bu esa davlat mablag‘lari noto‘g‘ri sarflanishiga olib kelganligi tufayli sud oldida javob beradi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
XVJ rahbari Fransiya moliya vaziri bo‘lgan yillarda (2007–2011) biznesmen Bernar Tapiga davlat mablag‘lari hisobidan asossiz ravishda 400 million yevro to‘lanishiga sababchi bo‘lganlikda aybdor deb hisoblanmoqda.
90-yillar boshida Bernar Tapi Adidas’dagi ulushi Credit Lyonnais bankiga sotilganidan so‘ng davlatdan tovon puli talab qilgan edi. Biznesmen davlat banki uni aldaganini uqtirib kelayotgan edi. Tapi va bank o‘rtasidagi bahs Fransiya moliya vazirligi nazorati ostida o‘tdi. Uning yakunlariga ko‘ra 2008-yilda tijoratchi hakamlik sudi orqali davlat budjetidan 400 million yevro miqdorida tovon puli undirdi.
Sud 12-dekabr kuni boshlanib, 20-dekabrga qadar davom etadi. Lagardning aybi isbotlansa, u bir yillik qamoq jazosiga hamda 15 ming yevro miqdoridagi jarimaga hukm etilishi mumkin.
Izoh (0)