G‘arbiy Afrika mamlakatlari iqtisodiy hamjamiyati delegatsiyasi, shu jumladan, uning tarkibidagi to‘rt nafar prezident Gambiyaga yo‘l olib, amaldagi davlat rahbari Yayya Jamme hokimiyatni topshirgisi kelmayotgani tufayli kelib chiqqan siyosiy inqirozni bartaraf etishda qatnashadi. Bu haqda, AFP’ga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Guruhga Liberiya prezidenti Ellen Jonson-Sirlif boshchilik qilishi kutilmoqda. Gambiya poytaxti Banjulga, shuningdek, Nigeriya, Syerra-Leone va Gana rahbarlari Muhammadu Buxoriy, Ernest Bay Koroma va Jon Dramani Maxama yo‘l oladi. Senegal TIV axborotiga ko‘ra, delegatsiya Jammedan hokimiyatni saylangan prezident Adama Barrouga topshirishni talab qiladi.
Bir muddat ilgari Barrou Jammeni hokimiyatni topshirishga chaqirgan edi.
Gambiyani 1994-yildan beri boshqarib kelayotgan Yayya Jamme 1-dekabrda bo‘lib o‘tgan prezident saylovida 36,7 foiz, uning muxolifatchi raqibi Adam Barrou esa 45,5 foiz ovoz oldi. 3-dekabrda Jamme mag‘lubiyatini tan oldi, biroq bir haftadan so‘ng saylov komissiyasidagi “yo‘l qo‘yib bo‘lmas kamchiliklar”ni ro‘kach qilib, yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirdi.