2016-yil 11-dekabrda Qohiraning Abbosiya tumanidagi nasroniylar sobor majmuasida portlash yuz berdi. Natijada, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 25 kishi halok bo‘ldi, 50 dan ortig‘i jarohatlandi.
“TASS” Misr hududida 2013-yil iyulida prezident Muhammad Mursiy hokimiyatdan chetlatilganidan so‘ng yuz bergan yirik terrorchilik harakatlari xronologiyasini tayyorladi.
2013-yil 19-avgustda Sinay yarim oroli shimolida ekstremistlar Misr politsiyasi o‘tirgan ikkita mikroavtobusni raketa bilan o‘qqa tutdi. 24 nafar huquq-tartibot organlari xodimlari halok bo‘ldi.
2013-yil 24-dekabrda xudkush terrorchi Dakahliya provinsiyasining Al-Mansur shahridagi politsiya boshqarmasi yaqini o‘zini portlatib yubordi. Oqibatda 15 kishi, shu jumladan 12 nafar harbiy halok bo‘ldi, 135 kishi yaralandi. Portlash uchun javobgarlikni “Ansar Bayt al-Makdis” guruhi o‘z bo‘yniga oldi.
2014-yil 19-iyulda Misrdagi Al-Farafra shahridan 100 km masofada ekstremistlar armiya tayanch punktiga qurolli hujum uyushtirdi. Natijada 31 nafar misrlik chegarachi halok bo‘ldi, jangovar to‘qnashuvda uch nafar ekstremist o‘ldirildi.
2014-yil 24-oktabrda Shayx-Zuvayd va Al-Arish shaharlaridagi blokpostlarga hujumlar natijasida Misr xavfsizlik kuchlarining 31 xodimi halok bo‘ldi, yana o‘nlab harbiy xizmatchilar yaralandi. Xudkush armiya nazorat-o‘tkazish punktida avtomobilni portlatib yubordi, so‘ng jangarilar guruhi punktda saqlanadigan qurol va o‘q-dorilarni qo‘lga kiritdi.
2015-yil 29-yanvarda Al-Arishdagi armiya infratuzilmasi obyektlariga qarshi ketma-ket hujumlar uyushtirildi. Shahar xavfsizligi boshqarmasi, harbiy xizmatchilar uchun mehmonxona va blokpost ekstremistlarning nishonlariga aylandi. Ushbu teraktlar va jangarilar bilan to‘qnashuvlar natijasida 26 kishi halok bo‘ldi. Jinoyat uchun javobgarlikni “Ansar Bayt al-Makdis” guruhi o‘z zimmasiga oldi.
2015-yil 1-iyulda 300 ga yaqin qurollangan jihodchilar bir vaqtning o‘zida Sinay yarim orolida Shayx-Zuvayd shahridagi armiya va politsiya blokpostlariga hujum qildi, oqibatda 17 kishi qurbon bo‘ldi.
2015-yil 31-oktabrda Rossiyaning Metrojet aviakompaniyasiga tegishli Airbus A321-231 Sharm-ash-Shayxdan Sankt-Peterburgga uchayotib, Misrning Shimoliy Sinay provinsiyasida terakt natijasida halokatga uchradi. Bortdagi 224 kishining barchasi halok bo‘ldi. Halokatdan so‘ng ko‘p o‘tmay, IShID vakillari hodisaga aloqadorligini ma’lum qildi.
2016-yil 21-yanvarda Qohirada politsiyachilar Xaram tumanidagi turar-joyga bekingan terrorchilar guruhini qo‘lga olish bo‘yicha operatsiyani o‘tkazdi. Bombalardan birini zararsizlantirish chog‘ida kuchli portlash yuz berdi, oqibatda o‘n kishi halok bo‘ldi. Portlash uchun mas’uliyatni IShID terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga oldi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.