Gambiyaning saylangan prezidenti Adama Barrou amaldagi davlat rahbari Yayya Jammeni darhol iste’foga chiqib, hokimiyatni unga topshirishga chaqirdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Bir muddat ilgari Jamme 1-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov natijalarini Oliy sudda shubha olish niyati borligini bildirgan edi.
Muammo shundaki, mamlakatda Oliy sud raisi vazifasini bajaruvchi, nigeriyalik Emmanuel Fagbende bir yil muqaddam Jamme tarafidan ushbu lavozimga tayinlangan edi. Unga qadar Oliy sud rahbari bo‘lgan pokistonlik Ali Navoz Chouxan hamda sud a’zosi bo‘lgan ikki gambiyalik esa iste’foga chiqarilgan edi. Ammo Oliy sud Jammening apellyatsiyasini ko‘rib chiqishi uchun u to‘liq tarkibda bo‘lishi lozim, Jamme esa saylovda mag‘lub bo‘lgani bois hech kimni tayinlashga huquqli emas.
Barrou o‘zini muvaqqat davlat rahbari deb e’lon qilib, Jamme saylov natijalariga e’tiroz bildirishga haqli emasligini e’tirof etmoqda.
Bir muddat ilgari Afrika ittifoqi ham Jammeni iste’fo berishga chaqirgan edi.
Gambiyani 1994-yildan beri boshqarib kelayotgan Yayya Jamme 1-dekabrda bo‘lib o‘tgan prezident saylovida 36,7 foiz, uning muxolifatchi raqibi Adam Barrou esa 45,5 foiz ovoz oldi. 3-dekabrda Jamme mag‘lubiyatini tan oldi, biroq bir haftadan so‘ng saylov komissiyasidagi “yo‘l qo‘yib bo‘lmas kamchiliklar”ni ro‘kach qilib, yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirdi.
Izoh (0)