“Akademnashr” qadimgi hind afsonalari va masallari to‘plami bo‘lmish “Hitopadesha” kitobini nashrdan chiqarmoqda. Bu haqda “Daryo”ga O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi ma’lum qildi.
Mazkur qadimiy adabiyot durdonasi hikmatli hikoya, g‘aroyib sarguzashtlarga hamda mardlik, qahramonlik, sadoqat va adolatni tarannum etuvchi voqealarga boy afsonalar majmuasidan iboratdir, deyiladi xabarnomada.
“Hitopadesha”ning qahramonlari majoziy zarbulmasallardagi kabi turli hayvon va qushlardan iboratdir. Do‘stlik va dushmanlik, samimiylik va munofiqlik, saxovatpeshalik va makkorlikni biri-biridan farqlay bilish san’atidan saboq beruvchi kitobdan jonivorlar tili bilan bayon etilgan maroqli sarguzashtlarga boy hikoya va bir-biriga ulanib ketgan mantiqiy-falsafiy masallar o‘rin olgan.
“Hitopadesha” qariyb ming yil avval yaratilgan bo‘lishiga qaramay, sodda, ammo ma’no jihatdan chuqur mantiqqa asoslangan ibratli hikoyalardan tashkil topgan.
Adabiyotshunos olimlarning ta’kidlashicha, “Hitopadesha” butun dunyoda mashhur bo‘lishining sababi bitta — yoshlarni ilm cho‘qqilarini egallashga da’vat qilishi. Asarning bosh falsafiy o‘zagi uning qahramonlari tilidan quyidagicha “Barcha ezgu-manfaat va boyliklar ichida bilimdan ziyodasi yo‘qdir: uni hech kim o‘g‘irlay olmaydi, uning bahosi yo‘q va u hech qachon tugamaydi” degan so‘zlar bilan ifodalangan.
Qadimiy durdona asar kitobxonlarga o‘zbek tilida ilk bor taqdim etilmoqda.
Izoh (0)