Angliya milliy termasining yaqin o‘tmishdagi yulduz futbolchilari hisoblangan Frenk Lempard, Jon Terri va Stiven Jerrard jamoaning murabbiylar shtabidan joy olishi mumkin. Bu haqda “Chempionat” The Sun nashriga asoslanib xabar berdi.
Yaqindagina terma jamoani qabul qilib olgan Garet Sautgeyt bu uch yulduz bilan birga ishlash niyatida. Shu boisdan ham Angliya Futbol Assotsiatsiyasi trioning murabbiylik litsenziyasini tezroq qo‘lga kiritishiga ko‘maklashib yuborish niyatida.Agar UEFA Assotsiatsiyaning iltimosini qondirsa, Terri, Lempard hamda Jerrardga murabbiylik litsenziyasini 18 oy ichida berishi ham mumkin.
Shu yilning noyabr oyida 36 yoshli Stiven Jerrard faoliyatini yakunlagani haqida ma’lum qilgandi. Allaqachon 38 yoshni qarshi olgan Frenk Lempard esa AQShning “Nyu-York Siti” futbol klubida to‘p suradi. Shartnomasi yakunlanishi bilan u ham butsasini mixga ilishga qaror qilgan. Jon Terrining “Chelsi”dagi shartnomasi 2017-yilning yozida o‘z nihoyasiga yetadi. London klubi unga yangi shartnoma taklif qilganicha yo‘q.
Izoh (0)