5-dekabr kuni YeXHT DIIHB missiyasining O‘zbekiston Prezidenti saylovini kuzatish missiyasi rahbari Piter Teyler matbuot anjumani berib, missiyaning dastlabki xulosalari haqidagi bayonotni e’lon qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi ma’lum qildi.
Matbuot anjumanining qisqacha xulosalari shundan iborat bo‘ldiki, YeXHT DIIHB missiyasi o‘tgan saylovlarni shubha ostiga olmaydi, saylovchilarning davomati yuqori bo‘lganligini, saylov jarayonining shaffofligi va oshkoraligini, MSKning saylovni milliy qonunchilikka muvofiq tarzda tayyorlash va o‘tkazish bo‘yicha ishining yuqori darajada bo‘lganini qayd etadi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Prezident saylovi bo‘yicha saylovoldi kampaniyasi boshlanishining e’lon qilinishi bilan O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining birinchi qarorlaridan biri bir qator xalqaro tashkilot va chet el davlatlari, shu jumladan, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosiga saylovda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga taklifnomalar yuborish bo‘ldi. DIIHB taklifni qabul qildi hamda ehtiyojlarga baho berish missiyasi ishi natijalariga ko‘ra uzoq muddatli va qisqa muddatli kuzatuvchilardan iborat to‘laqonli missiya yuborishga qaror qilindi.
Missiya 2-noyabr kuni ish boshladi, besh kundan keyin esa O‘zbekistonga uzoq muddatli kuzatuvchilar, bir necha kun muqaddam esa yana 150 nafar ekspert tashrif buyurdi.
Bayonotda aytilishicha, missiya saylov kampaniyasi jarayonining kompleks kuzatuvini o‘tkazdi. Kuzatuvchilar faoliyatining samaradorligi uchun barcha saylov organlarida, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida axborotning to‘liq shaffofligi, saylov jarayoni bosqichlarining ochiqligi ta’minlandi. Bundan tashqari, ularning yashashi va ishlashi uchun eng yaxshi shart-sharoitlar yaratildi.
Xususan, hisobotga ko‘ra, saylov borishiga mas’ul organlar o‘z faoliyati shaffofligini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rdi hamda saylovga samarador tayyorgarlik ko‘rdi. MSK davlat va xususiy OAV orqali saylovchilar uchun keng qamrovli axborot kampaniyasini o‘tkazdi, jumladan, boshqa shaxslar nomidan ovoz berishga qarshi targ‘ibot yuritdi. Quyi darajadagi saylov komissiyalari uchun saylov kunidagi jarayonlar yuzasidan treninglar o‘tkazildi.
Ijobiy faktlar sirasida saylov komissiyalari tegishlicha zarur resurslar bilan ta’minlangani va, umuman olganda, saylovning texnik jihatlari yuqori saviyada tayyorlangani, bunda qonunchilikda ko‘rsatilgan muddatlarga amal qilingani qayd etildi. MSK to‘rtta sessiya o‘tkazdi, ular xalqaro va partiya kuzatuvchilari hamda OAV vakillari uchun ochiq bo‘ldi.
Saylov o‘tkazuvchi organlar o‘rtasidagi aloqalar shaffofligini oshirish maqsadida MSK barcha 14 okrug saylov komissiyalari bilan jonli videokonferensiya shaklida uchta sessiya o‘tkazdi.
Matbuot anjumanida YeXHT DIIHB missiyasi rahbari saylovchilar huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha tadbirlar dasturining qabul qilinishi muhim ekanligini, uning samaradorligini hamda bu ishni davom ettirishi zarurligini qayd qilib o‘tdi.
Ayniqsa MSK saylov bilan bog‘liq materiallarning, shu jumladan, byulletenlarni o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida chop etgani qayd etildi. Milliy miqyosdagi davlat gazetalari nomzodlarga saylov doirasida o‘zbek, rus, tojik va qozoq tillaridagi targ‘ibot murojaatlari uchun bepul bosma maydon taqdim etdi.
4-dekabr kuni saylov bayram kayfiyatida o‘tdi, uchastkalarning ko‘pchiligi o‘z vaqtida ochildi va barcha zarur resurslar bilan tegishlicha ta’minlangan edi. Siyosiy partiyalardan kuzatuvchilar hamda xalqaro kuzatuvchilar saylov jarayonining barcha bosqichlarini bevosita ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ovoz berishning hamda ovozlarni sanashning yakunlanishi bilan missiya kuzatuvchilari uchastka saylov komissiyalari bayonnomalari nusxalarini deyarli barcha uchastkalarda oldi, bu esa saylov jarayonining butunlay shaffof o‘tganidan dalolat beradi.
“Kechaga saylovga tayyorgarlik yaxshi tashkil etilgan edi, biz ayrim yaxshilanishlarni kuzatdik, ammo hali yana ko‘p ish qilish kerak, bu haqda bayonotimizda batafsil aytiladi”, — ta’kidladi Piter Teyler.
Hujjatda bevosita saylov jarayonidagi, xususan, ovozlarni sanash, yakun yasash, OAVning yetarli darajada ochiq bo‘lmagani kabi ayrim kichik kamchilik va nuqsonlarga oid qator fikrlar berilgan.
Bayonot zalda to‘plangan jurnalistlar va ekspertlarning ishonchini oqlamadi, deb ta’kidlanadi xabarda. Missiya a’zolari, ularning ko‘pchiligi O‘zbekistonda birinchi marta bo‘lib turgani uchun, baribir sayoz xulosalardan, ayrim stereotiplardan qocha olmadi, O‘zbekistonda bo‘layotgan jarayonlarga chuqurlasha olmadi.
Shunga qaramay, ular saylov komissiyalari va sudlarga rasmiy shikoyatlar kelib tushgani borasida biror ma’lmotga ega emasligini tan olishga majbur bo‘ldi.
Bor-yo‘g‘i bir yarim yil muqaddam Prezident saylovi bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston hokimiyatni o‘tkazish shart-sharoitlarida nisbatan qisqa vaqtda o‘z kuchi va salohiyatini to‘plab, shakllantirilgan qonunchilik asosida madaniyatli va tashkilotchilikning yuqori saviyasida, tinchlik va barqarorlik vaziyatida yana bir bor davlat rahbari saylovini o‘tkaza oldi.
Bu saylov tizimining asosliligini, mustaqillik yillarida shakllantirilgan demokratik institutlar mustahkamligini, shuningdek, davlat jamiyat birdamligining yuqori darajasini ko‘rsatadi. Asosiysi, bu boshqa xalqaro tashkilotlar mustaqil kuzatuvchilari, shuningdek, ilgari ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan ekspertlar tomonidan yuqori baholandi.
Shunga qaramay, ilgari ham qayd qilinganidek, O‘zbekiston xolis tanqid uchun ochiq hamda saylov tizimini takomillashtirish va konstruktiv tavsiyalar realizatsiyasi yo‘nalishida ishlashga tayyor.
Izoh (0)