Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu ofshor firmalar yordamida 10 millionlab yevro soliq to‘lamaganlikda gumon qilinmoqda, deb yozdi “TASS”.
Soliqdan bo‘yin tovlaganlikda ayblanayotgan Krishtianuning ishi Ispaniya soliq idoralari tomonidan tekshirila boshlandi. Bu haqda mamlakat moliya vaziri Xose Enrike Fernandes de Moyi AS nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
“Ispaniya soliq idoralarida o‘z ishining ustalari faoliyat olib boradi. Bu borada Krishtianu Ronaldu mamlakatning shunday ishga qo‘l urgan oddiy aholisi kabi javobgarlikka tortiladi”, — deb aytib o‘tgan vazir.
Juma kuni Germaniyaning “Shpigel” haftalik gazetasi “Futbol liks” nashriga asoslanib xabar chop etgandi. Unda Krishtianu Ronaldu bir necha yillardan buyon pullarini Virjiniya orollariga qarashli ofshorlarda saqlashi va buning ortidan bir necha o‘n million yevro soliq to‘lashdan qochgani aytib o‘tilgan. Taxminlarga ko‘ra, futbolchi reklamadan tushgan daromadlarining 75 millionini aynan ofshor firmalarga yo‘naltirgan.
Forbes jurnali ma’lumotiga ko‘ra, Krishtianu Ronaldu 2015-yil eng ko‘p maosh to‘lanadigan mashhurlar orasida to‘rtinchi bo‘lgandi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, o‘sha yili uning daromadi 88 million yevroni tashkil qilgan.
Avvalroq soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda “Barselona” hujumchisi Lionel Messi hamda uning otasi ayblangandi. Buning ortidan ularning har biri 21 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Ispaniya qonunchiligiga ko‘ra, 2 yil muddatdan kamroqqa hukm qilinganlar jazoni shartli ko‘rinishda o‘tab, jarima to‘lash bilan qutulishi mumkin. Shu tariqa Messi 2, uning otasi esa 1,5 million yevro to‘laydigan bo‘lib, qamoq jazosidan ozod qilingan.
Izoh (0)