O‘zbekiston Kiber Futbol O‘yinlari Assotsiatsiyasi sifatida Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tgan tashkilot birinchi bor mamlakat Oliy va Birinchi Ligasi o‘yinlarini tashkil qiladi. Bu haqda tashkilot prezidenti Azizbek Pattohov “Daryo”ga ma’lum qildi.
Bunga qadar tashkilot asosan saralash turnirlari tashkil qilib kelgan bo‘lib, hozirga qadar eng kuchli 40 nafar kiber futbolchini saralab olgan. Ularning dastlabki 20 nafari O‘zbekiston Oliy Ligasida ishtirok etsa, qolgan 20 nafari Birinchi Liga turnirida qatnashadi. Keyinchalik havaskor o‘yinchilar o‘z omadini sinab ko‘rishi uchun saralash o‘yinlari tashkil etish rejalashtirilgan.
Chempionatning ochilish marosimiga bag‘ishlangan matbuot anjumani “Bunyodkor” stadioni anjumanlar zalida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi kiber futbol sohasidagi mamlakatda bo‘lib o‘tadigan barcha turnirlar boshchiligini rasman UCFGA (Uzbekistan Cyber Football Games Association) ga taqdim etgani aytib o‘tildi. UCFGA’ning o‘zi rasman O‘FF a’zosiga aylandi.
Tashkilot prezidenti Azizbek Pattohovning so‘zlariga ko‘ra, 2017-yil MDH hamda Osiyo mamlakatlari o‘rtasida alohida-alohida turnirlarni Toshkentda tashkil qilish rejasi ko‘zda tutilgan. Bu esa O‘zbekiston kiber futbolini dunyoga tanitish uchun xizmat qiladi.
Tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tgan UCFGA O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ham asos soldi. Unga “Qo‘qon—1912” a’zosi Dilshod Matyoqubov bosh murabbiy etib tayinlandi. “Nasaf” vakili Xislat Umarov esa terma jamoa sardori bo‘ldi. Milliy terma jamoaning qolgan a’zolari Oliy Ligada o‘zini ko‘rsatgan o‘yinchilar orasidan saralab olinadi.
Izoh (0)