Respublika bojxonachilari tomonidan sifati kafolatlanmagan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarining olib o‘tilishiga qarshi chora-tadbirlar davom ettirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Yaqinda Toshkent bojxona xodimlari tomonidan katta miqdordagi parfyumeriya va kosmetika mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Jumladan, “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Moskva—Toshkent yo‘nalishidagi poyezdning yo‘lovchisi fuqaro Sh.Muxamedov (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) umumiy qiymati 8 million so‘mdan ortiq 240 dona turli xil kosmetika tovarini vagonning hufiyona joyiga yashirib, olib kelayotgani aniqlandi.
Shunga o‘xshash holatda Olmaota—Nukus yo‘nalishi bo‘yicha kirib kelgan poyezd yo‘lovchisi, qo‘shni davlat fuqarosi T.Saidovning qo‘l yuklari orasida umumiy qiymati 10 million so‘mdan ortiq jami 246 dona turli xil parfyumeriya va kosmetika tovarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida hamda bojxonachilarning og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilmagan.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari xorijdan Farg‘ona viloyatida faoliyat yurituvchi xususiy tadbirkorlar nomiga keltirilgan temir yo‘l konteyneridagi tovarlar belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, mazkur konteynerda tegishli yo‘l hujjatlarida ko‘rsatilganidan ortiqcha bo‘lgan 6 turdagi salkam 32 ming dona parfyumeriya va kosmetika tovari hamda oshxona anjomlari borligi aniqlandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra ushbu tovar moddiy boyliklarning umumiy narxi 160 million so‘mni tashkil qiladi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.