Pidjak – kiyim-kechaklar ichida eng qulayi bo‘lib, uni ko‘plab liboslar bilan birlashtirish mumkin. U – ish, kundalik va romantik uslubdagi kiyimlar bilan ham juda mos tushadi. Maslahatlarimiz sizga har qanday holatlar uchun klassik qora pidjak bilan mos keladigan qiyofa yaratishga yordam beradi.
Jiddiy (ish) uslubini shim bilan ham, yubka bilan ham yaratish mumkin. Asosiysi, ko‘rinish jiddiy bo‘lishi, ya’ni shim yoki yubkaning rangi va uzunligi talabga javob beradigan bo‘lishi zarur. Bichimiga kelganda esa, bemalol yoqqanini tanlasangiz bo‘ladi. Yuqorisiga yengil kofta yoki ko‘ylak juda mos tushadi.
Kundalik qiyofani yaratish uchun, yaxshisi to‘g‘ri bichimdagi kiyimlardan foydalangan ma’qulroq. Ular bilan “boyfrend” tarzidagi yoki tor jinsilar mos tushadi. Yozlik variantlar uchun, denimdan tikilgan yubka yoki kalta shimli jinsi kombinezon kiyish, yuqorisiga esa katak-katak ko‘ylak yoki sidirg‘a rangli yengil kofta tanlash mumkin.
Agar pidjak klassik uslubda bo‘lsa, unga kalta ko‘ylak yoki och rangdagi etagi keng yubka juda mos tushadi. Shim ishqibozlari uchun, ko‘ndalang yo‘l-yo‘l chiziqli maykalar bilan jinsilarning yirtiq modellarida to‘xtagan ma’qul.
Qiyofaga g‘ayrioddiylik qo‘shish maqsadida, leopard belgili oyoq kiyimi yoki aksessuarlardan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi. Shuningdek, klassik uslubdagi pidjakni tor shimlar va sidirg‘a rangli toplar bilan ham kiysa bo‘ladi.
Uchrashuvga chiqmoqchimisiz? Qora pidjak etagi keng yoki tor ko‘ylak bilan juda mos tushadi. Bunda, ranglar mutlaqo turli xil bo‘lishi mumkin, pastel tonlarini tanlash shart emas. Pidjak keng bo‘lsa, ko‘ylakka yoki nakidkaga mos keladigan rangda ingichka kamar yordamida belga urgu berish maqsadga muvofiqdir. Kontrastlardan qo‘rqmang. Diqqat markazida bo‘ling!
Izoh (0)