Mutlaq jangchilar chempionati (UFC)ning sobiq chempioni, kelib chiqishi yaponiyalik bo‘lgan braziliyalik jangchi Lioto Machida taqiqlangan preparat iste’mol qilgani uchun 18 oyga diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda AQSh antidoping agentligi (USADA) matbuot xizmati ma’lum qildi.
Aprel oyida musobaqalardan chetlatilgan sportchining doping namunasida Xalqaro antidoping agentligi (WADA) tomonidan taqiqlangan degidroepiandrosteron moddasi aniqlandi.
Xabarda qayd etilishicha, Machida preparatni iste’mol qilganini tan oldi, ammo u preparat WADA tomonidan taqiqlangani haqida bilmagan edi. O‘ziga nisbatan surishtiruv ishida hamkorlik qilgani uchun Machida 2 yilga emas, 18 oyga chetlatildi. 38 yoshli jangchi navbatdagi bellashuvini 2017-yilning oktabr oyida o‘tkazishi mumkin bo‘ladi.
2009-yili Lioto Machida UFC’ning yarim og‘ir vazn toifasida chempionlik uchun AQShlik Rashad Evansni mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)