“Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tizimida qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha tasdiqlangan rejaga muvofiq 177 transformator mukammal ta’mirdan chiqarildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Joriy yilning o‘tgan davrida Sirdaryo viloyatida yangi elektr tarmoqlari barpo etish uchun 1,8 milliard so‘mdan ortiq narxda qurilish-montaj ishlari bajarildi.
Viloyatda qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida to‘rt nimstansiya, qariyb 2793 kilometrlik elektr tarmog‘i va 850 transformator punkti joriy va mukammal ta’mirlandi. Katta yuklanish bilan ishlayotgan transformatorlarning 18 tasi yuqori quvvatlisiga almashtirildi.
Qish kunlarida almashtirilishi zarur bo‘lgan jihoz va materiallar hamda 59 tonna transformator moyi zaxirasi yaratildi. Aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida shahar va tuman elektr ta’minoti korxonalari mutaxassislaridan iborat 29 tezkor guruh tashkil etilib, 14 Damas va 14 maxsus avtomobillarning texnik darajasi tayyor holatga keltirildi.
Shahar va tumanlardagi tarmoq bo‘limlari hamda korxonalardagi 22 nimstansiyaning favqulodda vaziyatlarda tezkor foydalanish tartiblari ishlab chiqilib, xodimlar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Joylardagi har bir elektr ta’minoti korxonalari va nimstansiyalarga mas’ul shaxslar biriktirildi.
Izoh (0)