Toshkent shahridagi Inha universiteti (IUT) va Curtin University (Avstraliya vakillari) ikki oliygoh o‘rtasida hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish, jumladan, qo‘shma o‘quv dasturlari tashkil etish hamda fizika sohasida qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish masalasini muhokama qildi. Bu haqda UzDaily xabar bermoqda.
Curtin University fizika va astronomiya departamenti rahbari Igor Brey va universitet professori Alisher Qodirov yaqinda Inha universitetiga tashrif buyurdi. Avstraliya oliy o‘quv yurti delegatsiyasi O‘zbekistonga “Fundamental va amaliy fizika rivojining yangi tendensiyalari: muammolar, yutuqlar, istiqbollar” xalqaro simpoziumida ishtirok etish maqsadida tashrif buyurgan edi.
Uchrashuv chog‘ida IUT vakillari oliygohning AKT sohasida bo‘lajak yetakchilarni tayyorlash faoliyati bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi. Mehmonlar talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib chiqdi.
O‘z navbatida, Curtin University delegatsiyasi o‘z oliygohi faoliyati hamda akademik dasturlar haqida ma’lumot taqdim etdi.
Prezentatsiyalar chog‘ida tomonlar qo‘shma o‘quv dasturlari hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlashdagi hamkorlikni muhokama qildi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan anglashuv memorandumini imzolashga kelishib oldi.
Izoh (0)