Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Fundamental va amaliy fizika rivojining yangi tendensiyalari: muammolar, yutuqlar, istiqbollar” mavzuidagi xalqaro simpoziumda jahon fizikasidagi dolzarb fundamental va amaliy masalalar muhokama qilindi. Forumda O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, AQSh, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Misr, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Malayziya, Belgiya, Avstraliya kabi qariyb 30 davlatdan 300 dan ortiq yetakchi fizik olimlar ishtirok etdi. O‘zA muxbiri ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.
Alfred Molina, Barselona universitetining fazo instituti professori (Ispaniya):
“Mazkur simpozium dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan tashrif buyurgan, jahon fizika fanida katta shuhrat qozongan ko‘plab olim va mutaxassislar, tadqiqotchilar uchun o‘zaro fikr va tajriba almashishda g‘oyat ahamiyatli bo‘ldi. Dunyo olimlari o‘rta asrlardagi Sharq Uyg‘onish davrining o‘ziga xos xususiyati, avvalo, matematika, astronomiya, fizika kabi aniq fanlar rivojida namoyon bo‘lishini ta’kidlaydi. Bunda shu zamindan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir va allomalarning munosib hissasi bor. Masalan, Beruniy dunyo ilm-fanida birinchilardan bo‘lib Yer radiusini hisoblab chiqqan, vakuum — bo‘shliq holatini izohlab bergan.
Abu Rayhon Beruniyning XI asrdagi nur kichik zarrachalarning to‘lqinsimon harakatidan tarkib topgani to‘g‘risidagi g‘oyasi bilan Isaak Nyuton XVII asrda kashf qilgan yorug‘likning korpuskulyar (zarracha) nazariyasi o‘rtasida bog‘liqlik bor. Ushbu xalqaro forumda Nyuton nazariyalari, xususan, Nyuton va Eynshteyn davri oralig‘idagi ‘bo‘shliqni to‘ldirish’ga oid ma’ruzam bilan qatnashdim”.
Yu Lu, Xitoy Fanlar akademiyasi fizika instituti professori:
“Buyuk ipak yo‘li tufayli O‘zbekiston va Xitoy qadimdan turli sohalarda, xususan, ilm-fan bo‘yicha ham mustahkam hamkorlik qilib kelgan. Vataningiz hamisha sivilizatsiyalar markazida bo‘lgan, bu yerda turli davrlarda dunyo olimlari birlashib, fanning turfa yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib borgan. Mazkur simpoziumda jahon fiziklari Toshkentda jamlanib, dunyo fizikasidagi eng dolzarb nazariy va amaliy masalalarni muhokama qilgani O‘zbekistondagi tinchlik-barqarorlik va ilm-fan taraqqiyoti yo‘lida yaratilayotgan zamonaviy imkoniyatlarning yana bir hayotiy natijasidir.
O‘zbekistonda fizikaning deyarli barcha yo‘nalishi, jumladan, kondensatlangan muhit (qattiq, suyuq va gazsimon moddalar) fizikasi bo‘yicha fundamental asosga ega ilmiy maktablar shakllangan. Yarim asr ilgari Xitoyda zamonaviy kondensatlangan muhit fizikasi deyarli mavjud emas edi. Ammo o‘tgan 30 yil davomida vaziyat o‘zgardi. Mazkur simpozium biz uchun bu borada yetarlicha fikr va tajriba almashish borasida katta imkoniyat bo‘ldi”.
Abdulkarim ibn Mohd Arof, Malaya universiteti fizika departamenti professori (Malayziya):
“O‘zbekiston barqaror taraqqiy etayotgan davlatlardan. Bunda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi mustahkam yo‘lga qo‘yilgani muhim omil bo‘lmoqda. Yangi materiallar olish, ularni sanoat va ishlab chiqarishning boshqa sohalarida qo‘llash mamlakat rivoji, aholi hayot sifatining oshishida juda muhim ahamiyatga ega.
Mazkur simpoziumga nanoelektrospin usulida olingan litiy nikel asosli materialning sintezi va tavsiflari haqida ma’ruza tayyorladim. Ushbu material nanozarracha va nanotola tuzilishiga ega bo‘lib, noyob fizik xossalarni namoyon qiladi. Uni tibbiyot, elektronika, mashinasozlik va boshqa sohalarda qo‘llash mumkin”.
Soni Vikram, Javoharlal Neru nomidagi universitetning Nazariy fizika markazi professori (Hindiston):
“Xalqingizda ilm bilan mashg‘ul bo‘lish ‘igna bilan quduq qazish’ga o‘xshatiladi. Aslida ham shunday. Faqat ertangi kuniga ishongan, barqaror taraqqiyot yo‘lini aniq belgilab olgan davlatlardagina ilm-fan rivojiga katta ahamiyat qaratiladi, bu borada zarur barcha shart-sharoit yaratib beriladi.
Mazkur simpozium misolida O‘zbekistonda fundamental va aniq fanlarning izchil ravnaq topishi uchun yetarlicha imkoniyat va salohiyat borligiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Jahon fiziklarini jamlagan ushbu forumga ilmiy maqolalar tayyorladim. Ularda astrofizikaning muhim yo‘nalishlari, xususan, magnetarlar, ya’ni yuqori magnit maydoniga ega neytron yulduzlarini butun koinot bo‘ylab astrofizik kuzatuvlarda magnit maydoni kelib chiqishining yangi modelini yaratish masalalari haqida fikr yuritilgan”.
Rashid Syunyayev, Garxing shahar Maks Plank nomidagi jamiyatning Astrofizika instituti direktori, akademik (Germaniya):
“O‘zbekiston — kindik qonim tomgan yurt: Toshkentda tug‘ilganman, shu yerdagi o‘rta maktabda ta’lim olganman. Har gal Toshkentga kelsam, katta o‘zgarishlarning guvohi bo‘laman. O‘zbekiston astrofiziklarining ilmiy izlanishlarini muntazam kuzatib boraman.
2007-yil oktabrda Maydanak rasadxonasida quyosh tizimidagi yangi kichik sayyora aniqlangani, Garvard kichik sayyoralar markazi uni 2009-yilda 210271-raqam bilan rasmiylashtirgani nainki O‘zbekiston tarixida, balki jahon astronomiyasida ham muhim voqeadir. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov taklifi bilan 2010-yilda bu kichik sayyoraga ‘Samarqand’ nomi berilgan. Mazkur simpoziumda ‘Spektr-rentgen-gamma’ xalqaro astrofizika orbital observatoriyasining O‘zbekiston olimlari ishtirok etgan ilmiy dasturlari mazmun-mohiyati, ahamiyati va natijalarini muhokama qildik. O‘ylaymanki, O‘zbekiston astrofiziklari bilan ilmiy hamkorligimiz bundan keyin ham izchil davom etadi va o‘zining yuksak samaralarini beradi.
Shuhrat Egamberdiyev, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti direktori, professor:
“Simpoziumda atmosfera tasviri sifati haqidagi ko‘p yillik kuzatuv ma’lumotlari banki mavjud jahondagi to‘rtinchi rasadxona — Maydanak observatoriyamizdagi astrofizik tadqiqotlar, erishilgan yutuqlarni xalqaro miqyosda yana bir bor keng namoyish etdik. Hozir xorijlik hamkasblar bilan hamkorlikda bu yerda ko‘p sonli kuzatuv ishlari olib borilmoqda. Masalan, Butun dunyo bo‘yicha blazarlarni kuzatish teleskoplari dasturi (Whole Earth Blazar Telescope) bo‘yicha qariyb 30 blazar — galaktikalar astronomiyasini o‘rganishda koinotdagi eng muhim hodisalarning uzluksiz monitoringi olib borilmoqda. Yana bir ma’lumot: observatoriyamizda 2003-yildan beri koinotda sodir bo‘lgan yuzdan ortiq gamma chaqnashlar, ularga tegishli o‘nlab mavjud va o‘ta yangi besh galaktika kuzatilgan.
Institutimiz va Xitoyning Milliy astronomik observatoriyalar uyushmasi hamkorligida Maydanak observatoriyasidagi Seyss-1000 teleskopi to‘liq takomillashtirilmoqda. Natijada 2016–2020-yillarda samoni to‘liq kuzatishga erishamiz, bu 150 milliondan ortiq yulduzning zamonaviy, eng yuqori aniqlikdagi katalogini, yuqori sifatli va masofaga bog‘liq butun osmon xaritasini tuzish imkonini beradi”.