Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining hujumkor yarim himoyachisi Eldor Shomurodov Janubiy Koreyaga termasiga qarshi JCh–2018 turniriga uchinchi saralash bosqichi 5-tur o‘yini oldidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘FF matbuot xizmati.
“Janubiy Koreya – Osiyoning eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblanadi. Oldinda bizni juda qiyin bahs kutib turibdi. Ammo yaxshi natija bilan safardagi o‘yindan qaytib kelishga harakat qilamiz. Ularga qarshi jamoaviy va hujumkor o‘yin ko‘rsatib, g‘olib bo‘lishga urinamiz. Janubiy Koreyaning hujum chizig‘i juda kuchli. Lekin himoyada ularda xatolari yetarli. Biz aynan o‘sha xatolardan foydalanishga harakat qilamiz”, – dedi Shomurodov.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 4 noyabr kuni Toshkentda yig‘inga kirishdi. Mashg‘ulotlarga terma jamoaning xorij ligalarida harakat qilayotgan futbolchilari kelib qo‘shilishda davom etmoqda. 8 noyabr kunidan boshlab yig‘inga taklif etilgan 24 futbolchining barchasi jamlanadi va milliy terma jamoa to‘liq tarkib bilan mashg‘ulotlar olib boradi.Mazkur yig‘in doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Iordaniyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazadi. O‘yin 10 noyabr kuni “Paxtakor” markaziy stadionida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv soat 17:00 da boshlanishi rejalashtirishgan.
Ma’lumot uchun, JCh–2018 saralashining uchinchi bosqich 5-turi doirasidagi Janubiy Koreya – O‘zbekiston uchrashuvi 15 noyabr, seshanba kuni Seulda bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)