Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) KXDR U-16 terma jamoasi darvozaboni Jan Pak Xoni O‘zbekiston o‘smirlar termasiga qarshi (1:3) Osiyo chempionati 3-tur uchrashuvida g‘alati gol o‘tkazib yuborgani uchun 2017-yili Hindistonda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatidan chetlatdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi darvozaboni Jasurbek Umrzoqov KXDRga qarshi o‘yinning 49-daqiqasida sheriklarini oldinga boshlash uchun to‘pni tepib yubordi. Raqib jarima maydoni tomon uchib ketayotgan to‘pni qaytarish uchun esa koreyalik darvozabon yugurib chiqdi va to‘p Jan Pak Xo ustidan o‘tib ketdi. To‘pga yetib olmoqchi bo‘lgan posbon yiqildi hamda o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yubordi.
Jan Pak Xoga nisbatan ochilgan intizomiy ish OFK komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi. Komissiya koreyalik posbon g‘alati golni atayin o‘tkazib yuborgan deb topdi va uni o‘smirlar o‘rtasidagi JCh–2017 turniridan chetlatdi.
Eslatib o‘tamiz, Temur Olimxo‘jayev murabbiyligidagi O‘zbekiston o‘smirlar termasi Osiyo chempionatining chorak finalida Iroq U-16 terma jamoasiga imkoniyatni boy berib, JCh–2017 yo‘llanmasidan mahrum bo‘lgandi.
Izoh (0)