O‘zbekiston Respublikasi mehnat vazirligida fuqarolar murojaati nazorati yanada kuchaytirish bo‘yicha maxsus hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bosh vazirning virtual qabulxonasiga kelib tushgan fuqaro U. Mayirova murojaati yuzasidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida Shahrixon tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda vazirlikning Facebook’dagi sahifasi orqali xabar qilindi.
Mehnat vaziri A. Abduhakimov raisligida Vazirlar Mahkamasining “Vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, shahar va tumanlari hokimlarining ‘Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida’gi O‘zbekiston Respublikasi Qonun talablarini so‘zsiz bajarish yuzasidan javobgarligi to‘g‘risida” 2016-yil 27-oktabrdagi 366-sonli qarorining vazirlik tizimida ijrosini so‘zsiz ta’minlanishi yuzasidan joriy yilning 4-noyabrida barcha mehnat organlari va tasarrufiy tashkilotlarning rahbar va mas’ul xodimlari ishtirokida maxsus hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mehnat vaziri har bir mehnat organlari rahbarlari va mas’ul xodimlari “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun ijrosini o‘z vaqtida va to‘laqonli ta’minlash orqali, har bir fuqaro murojaatida ko‘tarilgan masalani mohiyatini anglash va uning to‘laqonli ijrosini ta’minlash eng asosiy dolzarb vazifa ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Joriy yilning 3-sentabridan 4-noyabriga qadar Bosh vazirning virtual qabulxonasiga 3900 nafar fuqaro murojaat qilgan bo‘lib, ulardan 791 nafari (24 foiz) Toshkent shahri, 670 nafari (15 foiz) Toshkent viloyati, 496 nafari (13 foiz) esa Qashqadaryo viloyati hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Murojaatlar ko‘rib chiqilib, ularda keltirilgan masalalarni belgilangan muddatda ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda. Ammo murojaatlarni ko‘rib chiqish masalaga ayrim mehnat organlari rahbarlari tomonidan mas’uliyatsizlik bilan sansalorlik holatlariga yo‘l qo‘yilganligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, ishga joylashish masalasi yuzasidan amaliy yordam so‘rab O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasiga murojaat qilgan fuqaro U. Mayirova murojaati telefon orqali bog‘lanish imkoni bo‘lmaganligi bahonasi bilan anonim deb topilgan holda o‘rganib chiqilmagan va fuqaro murojaatini hal qilish chorasi ko‘rilmaganligi uchun mehnat vazirligining hay’at yig‘ilishi qaroriga asosan Shahrixon tumani bandlikka ko‘maklashish markazi direktori O. O‘rinboyev egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Fuqaro U. Mayirova esa joriy yil 21-oktabrdan boshlab tumandagi 17-maktabgacha ta’lim muassasasiga tarbiyachi vazifasiga ishga joylashtirildi.
Yig‘ilish davomida Mehnat vazirligining “Ish.mehnat.uz” vakansiyalar bazasini to‘ldirishga, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi haqida to‘xtalib o‘tildi. Hozirgi kunda vakansiyalar bazasida 68 mingdan ziyod bo‘sh ish o‘rinlari bo‘lib, ushbu baza orqali fuqarolar to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashash manzili bo‘yicha o‘ziga maqbul ish qidirish imkoniyatlari to‘liq yaratilgan.
Yig‘ilish davomida murojaatlarni ko‘rib chiqishda va sayyor qabullarni tashkil etishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yilgan ayrim mas’ul xodimlarga tegishli intizomiy choralar ko‘rildi va mehnat organlari oldida turgan aniq vazifalar belgilanib olindi.
Izoh (0)