Dasturda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga qat’iy amal qilish, milliy manfaatlarga sodiqlik, mamlakat mustaqilligini asrash va mustahkamlash, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligini ta’minlash, fuqarolararo va millatlararo hamjihatlik, ijtimoiy barqarorlikni saqlash orqali O‘zbekistonning bosh strategik maqsadi – rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo‘shilish, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashga qaratilgan ezgu maqsadlar mujassam.
Ushbu dastur O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining g‘oya va dasturiy maqsadlariga, xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining Parlamentdagi ko‘pchilik — demokratik kuchlar Blokiga nisbatan o‘zini muxolifat, deb e’lon qilgani, buning natijasida muxolif fraksiya sifatida ilgari surgan qator g‘oyalariga asoslanadi. Bular, eng avvalo:
— mamlakatning ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti asosida, o‘sib borayotgan iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, aholining barcha qatlamlari, eng avvalo, kam ta’minlangan qatlami turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlash;
— eng kam iste’mol xarajatlari (iste’mol savatchasi) standartlarini belgilashning asoslangan va zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish hamda joriy qilish;
— aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish tariflarining davlat tomonidan tartibga solinishini takomillashtirish orqali kommunal xizmatlar narxlarini maqbullashtirish;
— aholi bandligini ta’minlashning mutlaqo yangi va zamonaviy usullarini joriy qilish, ish o‘rinlarini tashkil etish dasturining so‘zsiz bajarilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish;
— muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning asosiy mezoni ularni hayotga tatbiq qilish orqali yaratiladigan barqaror ish o‘rinlari soni bilan o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash, demakdir.
Biz uchun asosiy ustuvor yo‘nalish, avvalambor, aholining davlat va jamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilish hisoblanadi.
Bu maqsadni samarali amalga oshirish uchun qator ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga alohida e’tibor qaratish lozim, deb hisoblaymiz. Jumladan, aholining ehtiyojmand qatlamlari manfaatlarini himoya qilish, turmush darajasini yaxshilashning eng muhim sharti bu – ularning bandligini ta’minlashdir. Buning uchun, avvalo, mehnatga layoqatli kishilarning munosib haq to‘lanadigan ish o‘rinlariga ega bo‘lishini, fuqarolarning shaxsiy tashabbuskorligi va ishbilarmonligini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish zarur, deb bilamiz.
Mustaqil hayotga kirib kelayotgan yoshlarga ularning ijtimoiy kelib chiqishidan qati nazar, kasb tanlash, ta’lim olish va o‘quv muassasalarini bitirgach, ish o‘rniga ega bo‘lishlari uchun adolatli, teng va ijtimoiy jihatdan maqbul shart-sharoitlarni yaratishga eng muhim masala sifatida qaraymiz.
Ijtimoiy himoya borasida pensionerlar, nogironlar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar va aholining mehnatga layoqatsiz boshqa ijtimoiy guruhlari hayotiy ehtiyojlari to‘liq qondirilishini kafolatlovchi pensiya ta’minoti va ijtimoiy nafaqalarning samarali tizimini shakllantirish bilan bog‘liq masalalarni qamrab oluvchi kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish lozim, deb hisoblaymiz. Shuningdek, ijtimoiy va kommunal xizmatlarning sifatliligini va aholining qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand qatlamlari uchun maqbulligini ta’minlash tarafdorimiz.
Bizning asosiy shiorimiz «Maqsadimiz — xalqimiz turmush darajasini yanada oshirish!».
Bunday keng qamrovli, ijtimoiy yo‘naltirilgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida quyidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olganmiz:
I. Biz aholi bandligini ta’minlash tizimini zamonaviy usullarni joriy qilish orqali doimiy takomillashtirib borish zarur, deb hisoblaymiz. Bu yo‘nalishdagi vazifalarning samarali amalga oshirilishi uchun «Aholi bandligini ta’minlash — eng asosiy burchimiz», «Aholi bandligi – ijtimoiy himoyaning eng maqbul yo‘li!», «Har bir inson uchun munosib ish o‘rni!», «Har bir inson uchun munosib ish haqi!» shiorlarini ilgari suramiz. Ushbu maqsadda quyidagilarni taklif etamiz:
— ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirish davomida barqaror ish o‘rinlarini yaratish ko‘rsatkichlari mazkur dasturlarning muhim mezonlaridan bo‘lishini ta’minlash;
— ishchi kuchi chetga chiqib ketishining oldini olish, buning uchun har yili qabul qilinadigan ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash Davlat dasturi ijrosida yangicha yondashuvlarga o‘tish. Bunda asosiy e’tiborni mehnat bozoridagi talab-taklifni to‘liq o‘rganish, hisobga olish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini tuzishda joriy va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini to‘g‘ri va aniq belgilash;
— munosib ish haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlarini taklif etayotgan, birinchi navbatda zaminimizdagi boy mineral xomashyo resurslari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni ta’minlovchi yuqori texnologik tarmoq korxonalari, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarda mehnatga layoqatli aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirish, ushbu sohalarga mamlakatda mavjud bo‘lgan bo‘sh mehnat resurslarini faol jalb etish;
— kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining mustaqil o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlash hamda yakka tartibdagi mehnat va tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish uchun maqbul sharoitlar yaratish maqsadida imtiyozli mikrokreditlar ajratish amaliyotini kengaytirish, o‘z biznesini ochishda belgilangan yig‘imlardan, faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘ygunga qadar soliqlardan ozod qilish muddatini uzaytirish;
— istiqbolli ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha investitsiya dasturlarini ishlab chiqishda ularning o‘rta maxsus va oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash dasturlari hamda hududiy bandlik dasturlari bilan o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash;
— korxona va ish beruvchilarning tegishli hududlardagi kasb-hunar kollejlariga biriktirilishi hamda muntazam harakatdagi «kollej-korxona» aloqalarini yo‘lga qo‘yish;
— muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar bilan bog‘liq ravishda zamonaviy kasbga ega bo‘lgan kadrlar tayyorlash masalasi hal qilinishiga erishish;
— tegishli mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, kadrlar tayyorlash uchun oliy o‘quv yurtlari talabalarining ta’lim shartnomalari to‘lovlarini to‘layotgan korxonalar va tashkilotlarni rag‘batlantirish amaliyotini takomillashtirish;
— munosib ish haqi va mehnat sharoitiga ega bo‘lgan, qo‘shimcha barqaror ish o‘rinlari yaratayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga imtiyozlar yaratish va ularni rag‘batlantirish maqsadida soliqqa tortish tizimini takomillashtirish;
— oliy va o‘rta maxsus ma’lumotga ega mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishlarini belgilashda korxona va tashkilotlarning kadrlarga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olish tizimini takomillashtirish;
— kichik biznes, uy mehnati, kasanachilik va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish orqali xotin-qizlar bandligini ta’minlash samaradorligini oshirish. Mehnat qonunchiligida ayollarga berilgan huquq va qo‘shimcha imtiyozlardan keng foydalanishlari uchun yanada maqbul sharoitlarni yaratish;
— mehnatga layoqatli aholini ish bilan ta’minlash, bir martalik vaqtincha ish bilan band bo‘lgan shaxslar mehnat faoliyatining qonuniy asoslarini takomillashtirish, ularning pensiya ta’minoti va ijtimoiy sug‘urtasi bilan bog‘liq masalalarni hal qilishning me’yoriy-huquqiy asoslarini ishlab chiqish va amaliyotga kiritish;
— turli imtiyozlar berish orqali ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi norasmiy mehnat munosabatlarini qonunchilikka kiritish. Mehnat muhofazasi qoidalarini buzganlik uchun tadbirkorlarning mas’uliyatini va javobgarligini oshirish hamda davlat tomonidan qattiq nazorat o‘rnatish;
— nogironlar mehnat qilishi uchun ixtisoslashgan korxonalarni tashkil etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish, jumladan, ushbu maqsadda davlatning markazlashgan sarmoyalari hisobidan bunday korxonalar tarmog‘ini rivojlantirish;
— yirik korxonalarga kasanachilik ish joylarini tashkil etish bo‘yicha majburiy kvotalar belgilash orqali jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar (nogironlar)ni kasanachilik faoliyatiga jalb qilishni kengaytirish lozim.
II. Iqtisodiy siyosatdagi asosiy ustuvor vazifalarimiz, bu — davlatimizning moliyaviy-iqtisodiy qudratini oshirishni kuchli ijtimoiy siyosat bilan uyg‘unlashtirish orqali aholining, xususan, uning ehtiyojmand qatlamlarining turmush darajasini yanada yaxshilashga yo‘naltirishdan iboratdir.
Xalqimizning hayotiy manfaatlari bilan bog‘liq «Iqtisodiy islohotlarga — ijtimoiy samaradorlik!» shiori mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga yondashuvimizning tub mohiyatini o‘zida aks ettiradi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi aholining xarid qobiliyatini oshirish ichki talabning ortishiga xizmat qiladi, deb hisoblaydi. Bu esa iqtisodiy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchi va iqtisodiyotning real sektori o‘sish sur’atlarini izchil oshirib borishning mustahkam asosidir.
Biz iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda quyidagilarni taklif etamiz:
— byudjet mablag‘lari, ayniqsa, ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladigan mablag‘larning maqsadli ravishda sarflanishi ustidan qat’iy nazoratni kuchaytirish;
— davlatning o‘sib borayotgan iqtisodiy imkoniyatlaridan aholining barcha qatlamlari, eng avvalo, kam ta’minlangan qatlamining turmush darajasini yaxshilashda foydalanish;
— zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish asosida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovarlar va xizmatlar sifatini oshirish, tannarxini pasaytirish, shuningdek, ularning eksport imkoniyatlarini kengaytiruvchi va aholining xarid qobiliyatini oshirishga xizmat qiluvchi raqobat muhitini shakllantirish masalalariga e’tiborni kuchaytirish;
— to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalarini jalb qilish orqali zamonaviy texnika va texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish;
— tijorat banklarining investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirishdagi ishtirokini yanada kengaytirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni kreditlash tizimini soddalashtirish, makroiqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, foiz stavkalarini minimal darajada belgilash, muammoli qarzlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik va bank xizmatlari sifatini yaxshilash orqali ularning investitsiyaviy faolligini kuchaytirish;
— turli mahsulot yetkazuvchilarga o‘zaro erkin raqobatlashishiga imkon beradigan ochiq va oshkora elektron savdolar yo‘nalishini kengaytirish orqali davlat xaridlarini amalga oshirish tizimini takomillashtirish.
Istiqbolli korxonalar va ishlab chiqarish komplekslarining rivojlanishi uchun bo‘sh mehnat resurslarini jalb qilish iqtisodiy o‘sishning barqaror yuqori sur’atlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Buning uchun quyidagilar taklif etiladi:
— mahalliy xomashyo va materiallarni qayta ishlash korxonalarining ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega iste’mol tovarlari ishlab chiqarishini moliyaviy va iqtisodiy rag‘batlantirish, imtiyozli kreditlash samaradorligini oshirish;
— o‘zi ishlab chiqargan mahsulot hisobiga ichki bozorni to‘ldirish, narx-navo oshishining oldini olishga qaratilgan tovar va xizmatlar ishlab chiqarishni rivojlantirishning hududiy dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mas’uliyatini kuchaytirish;
— mamlakatda ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashda oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni rag‘batlantirish;
— mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan kichik korxonalarning yiriklashishini rag‘batlantiruvchi soliq siyosatini yuritish, korxonalarning tasnifiga «o‘rta korxona» tushunchasini kiritish, ya’ni yirik, o‘rta va kichik korxonalar mezonlarini belgilash, kichik korxonalarning yiriklashishi va yanada rivojlanishiga xizmat qiladigan soliq va imtiyozlar tizimini ishlab chiqish.
Bundan tashqari, iqtisodiyotning jadal rivojlanishi va yangi ish o‘rinlari yaratishning muhim omili sifatida qurilish sohasini modernizatsiya qilish, qurilish tashkilotlarini keng rivojlantirish, zamon talabiga javob beradigan mutaxassislar, texnik vositalar bilan ta’minlanish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:
— qurilish tashkilotlarining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash, sohaga yangi texnologiyalarni joriy qilish, malakali mutaxassislarni yollashga imkoniyat beruvchi sharoitlar yaratish maqsadida soliq yukini kamaytirish;
— sobiq tuzum davridan buyon foydalanib kelinayotgan eskirgan qurilish standartlari, norma va qoidalari o‘rniga butun dunyoda amal qilib kelinayotgan yevrokodlar tizimiga o‘tish;
— qurilish sohasi rivojlanishi istiqbollariga muvofiq yetarli darajada malakali mutaxassislarni tayyorlash masalasiga e’tibor qaratish, mutaxassislarning xorijiy davlatlarda malaka oshirishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish;
— yangi innovatsion texnologiyalarni va materiallarni qo‘llash, qurilish xizmati bozorlarida mamlakatimiz mutaxassislarining raqobatbardoshligini ta’minlash orqali o‘zbek kompaniyalarining xorijiy qurilish va xizmat bozorlariga chiqishlariga sharoit yaratish.
III. Kam ta’minlangan oilalar, keksalar va nogironlarni ijtimoiy himoya qilish samaradorligini yanada oshirish lozim. Bu yo‘nalishda biz «Kam ta’minlanganlarning kuchli ijtimoiy himoyasi uchun kurashamiz!» shiorini ilgari suramiz.
Buning uchun quyidagilar taklif etiladi:
— ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlari o‘rtasida boqimandalik kayfiyatini bartaraf etishga qaratish, ularning mehnat va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, tashabbuskorligini rag‘batlantirish. Bizning fikrimizcha, ijtimoiy ko‘mak — tashabbuskorlikka yo‘l ochmog‘i darkor!;
— nafaqalar va moddiy yordamni asosan, kam ta’minlangan oilalar, moddiy yordamga muhtoj keksalar va bolalarga yo‘naltirish;
— ijtimoiy adolat, mehr-oqibat, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari asosida mahallaning aholini ijtimoiy himoya qilish markazi sifatidagi rolini oshirib borish chora-tadbirlarini ko‘rish;
— o‘z biznesini tashkil etishga intiluvchi mehnatga layoqatli fuqarolarga imtiyozli kreditlar va foizsiz ssudalar ajratish amaliyotini yanada rivojlantirish;
— kam ta’minlangan oilalarga har oyda to‘lanadigan moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalarni, o‘z biznesini tashkil etishi uchun maqsadli foydalanish sharti bilan, tegishli davrda to‘lanadigan mablag‘lar summasini bir martalik to‘lov shakliga o‘tkazish mexanizmini joriy etish;
— ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar va xizmatlar narxini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazorati samaradorligini yanada oshirish orqali narxlar va tariflarning o‘sishi inflyatsiya darajasidan yuqori bo‘lmasligini ta’minlash;
— uy-joylarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlash maqsadida, davlat mulkini xususiylashtirishdan olinadigan mablag‘larning bir qismini turarjoy fondini shakllantirishga yo‘naltirish mexanizmini takomillashtirish;
— mamlakatimizda avtotransport vositalarining ko‘payib borayotganligi natijasida yo‘llar, katta shaharlarning ko‘chalarida tirbandliklar vujudga kelishiga barham berish maqsadida tegishli infratuzilmani doimiy takomillashtirib borish, piyodalar yo‘laklarini kapital ta’mirlash, ekologik toza, sog‘lom turmush tarziga zamin yaratuvchi veloyo‘laklarni qurish;
— kommunal xizmatlar ko‘rsatishning tarmoq muhandislik infratuzilmasi bilan bog‘liq bo‘lmagan kamxarj avtonom (lokal) shakllarini rivojlantirish orqali aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar narxini maqbullashtirishga erishish;
— tabiiy monopoliya sub’ektlari tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar (gaz, elektr va issiqlik ta’minoti, kanalizatsiya, maishiy chiqindilar va h.k.) narxlari va tariflarini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish;
— kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda davlatning tartibga soluvchanlik rolini mustahkamlash, mazkur ustuvorlikka amal qilgan holda, yetakchi ijtimoiy sohalarning tijoratlashuvini cheklash, jamiyatning barcha a’zolarining ishonchli ijtimoiy kafolatlari ta’minlanishi masalalarida biznes mas’uliyatini oshirish. Bu vazifani ro‘yobga chiqarishda biz «Kuchli ijtimoiy himoya — asosiy maqsadimiz!» shioriga tayanamiz;
— «Keksalarimiz uchun munosib pensiya ta’minoti!», «Biz keksalarimizning farovon hayoti uchun mas’ulmiz!» shiorlari negizida mamlakatimiz ravnaqi, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodga ozod va obod Vatan qoldirish borasidagi ishlarga o‘z hissasini qo‘shgan keksa avlod uchun munosib turmush sharoitini yaratish g‘oyasi turibdi.
Bugungi kunda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar jamiyatimiz ijtimoiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishlarini ta’minlash asosiy vazifalarimizdandir. Shuning uchun ularga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida ijtimoiy ob’ektlarda nogironlar uchun maxsus kirish yo‘lagi – panduslar hamda ularga moslashtirilgan piyodalar yo‘lakchalari bo‘lishini ta’minlash darkor. Biz mavjud barcha bino va inshootlarni nogironlar kira olishlari nuqtai nazaridan xatlovdan o‘tkazish, yo‘lakchalarni nogironlarga moslash bo‘yicha maxsus davlat dasturini qabul qilish lozim, deb hisoblaymiz.
IV. Aholiga yuqori sifatli ta’lim olish va maqbul tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalasi ham doimo diqqat markazimizdadir. Shundan kelib chiqqan holda, quyidagilarni amalga oshirish lozim, deb hisoblaymiz:
Ta’lim sohasida:
— jamiyatning barcha qatlamlariga erkin va teng ta’lim olish imkoniyatlarini yaratish maqsadida mintaqalardagi demografik o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, maktabgacha, o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarini oldindan barpo etish amaliyotini yanada rivojlantirish;
— bepul va imtiyozli to‘lovlar asosida faoliyat ko‘rsatadigan davlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish;
— kollejlar va akademik litseylarni o‘quv adabiyotlari bilan to‘liq ta’minlash choralarini ko‘rish;
— korxona va tashkilotlarning ehtiyojidan kelib chiqib, texnik va texnologik mutaxassisliklar bo‘yicha oliy o‘quv yurtlariga maqsadli qabul qilish masalasini rag‘batlantirish;
— nogiron bolalarni zarur maxsus adabiyot va qo‘llanmalar bilan ta’minlashni o‘z ichiga oladigan inklyuziv ta’lim tizimini yanada rivojlantirish va soha o‘qituvchilariga imtiyozlar berish, jismoniy imkoniyatlari cheklangan (nogiron) talabalarning oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish;
— pedagogik ma’lumotga ega, lekin bola tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgani bois vaqtincha ishlamaydigan ayollarning oilaviy maktabgacha ta’lim tarbiyachisi sifatidagi uy mehnatini tashkil etishning qonuniy asoslarini yaratish.
Sog‘liqni saqlash sohasida:
— aholi, ayniqsa, olis qishloq hududlarida birlamchi tibbiy yordamdan qulay va tez foydalanish imkoniyatini ta’minlovchi qishloq vrachlik punktlari tarmog‘ini kengaytirish;
— imtiyozli va bepul asosda malakali tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatilishini tartibga soluvchi qonun hujjatlarining ijrosi ustidan tizimli nazoratni kuchaytirish;
— farmatsevtika korxonalari va dorixona muassasalari faoliyati hamda dori-darmon vositalari narxi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, dori vositalari reklamasini cheklash;
— asosiy dori vositalari ro‘yxatidagi dori vositalarining davlat tibbiyot muassasalarida mavjud bo‘lishi va ayrim toifadagi shaxslarga dori vositalarining imtiyozli berilishini ta’minlash ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.
V. Demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirish asosiy vazifa hisoblanadi. Ushbu maqsadda quyidagilar taklif etilmoqda:
— ijtimoiy ahamiyatga molik masalalarni tartibga soluvchi qonunlarni ishlab chiqishda qonun normalarining bevosita ta’sir etishiga, ya’ni havolaki normalarsiz qabul qilinishiga erishish;
— qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa qonun hujjatlari, davlat boshqaruvi organlari faoliyati natijalarini oshkora va konstruktiv muhokama etishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini ta’minlash amaliyotini izchil rivojlantirish;
— aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi, shuningdek, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda katta qiziqishga sabab bo‘ladigan masalalar bo‘yicha qarorlarni qabul qilishdan avval ushbu masalalar yuzasidan jamoatchilik maslahatlashuvlarini o‘tkazishning majburiyligini belgilash;
— joylardagi doimiy elektorat manfaatlariga aloqador bo‘lgan dolzarb iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarning hal etilishiga ta’sir ko‘rsatish masalalarida siyosiy partiyalar va ularning deputatlik birlashmalari huquq va vakolatlarini yanada oshirish;
— aholiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida Yagona interfaol davlat xizmatlari portalidan erkin foydalanishni taqdim etuvchi punktlar tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;
— davlat va fuqarolik jamiyati instituti o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik amaliyotini keng rivojlantirish;
— fuqarolar huquqlarini himoya qilishning sud mexanizmlari ommabopligini kengaytirish va mazkur masalalarda sud nazoratini kuchaytirish hisobiga sud qarorlari ijrosi sifatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish;
— sudlarda ishlarni ko‘rib chiqish jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish. Fuqarolarning sudga murojaat qilishi va sud hujjatlarini olishining elektron tizimini keng joriy qilish.
VI. Tashqi siyosiy faoliyat masalalarida quyidagilar taklif etilmoqda:
— qo‘shni mamlakatlarga nisbatan ochiq va pragmatik siyosat yuritish, ular bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish;
— mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash, Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolar suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari bo‘yicha xalqaro tashabbuslarni ilgari surish;
— tashqi siyosatda O‘zbekistonning mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashdagi faol ishtirokini ta’minlash. Shundan kelib chiqib, Markaziy Osiyo mamlakatlari, dunyoning boshqa davlatlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, odam savdosi va boshqa tahdidlarga qarshi kurash masalalari bo‘yicha hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish va kuchaytirish zarur.
***
Dasturda qayd etilgan ustuvor yo‘nalishlarni amalda ro‘yobga chiqarish mamlakatni har tomonlama taraqqiy ettirish, olib borilayotgan barcha yo‘nalishdagi islohotlarning ijtimoiy samaradorligini oshirish, aholi turmush darajasini yuksaltirish, demokratik o‘zgarishlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Izoh (0)