O‘zbekistonga tashrif buyurgan Hindiston tashqi ishlar davlat vaziri Mubashar Javod Akbar 31-oktabr kuni Samarqand shahrida bo‘ldi. Diplomat O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qabrini ziyorat qilib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi, deb xabar beradi O‘zA.
“Mehmon dastlab Hazrati Xizr majmuasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Buyuk Yo‘lboshchimiz qabriga gul qo‘yilib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirildi. Islom Karimov ruhi poklariga Qur’on tilovat qilindi”, — deyiladi xabarda.
“O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafoti Hindiston hukumati va xalqini ham chuqur qayg‘uga soldi, — dedi Javod Akbar. — Chunki Islom Karimov nafaqat O‘zbekiston rahbari, balki xalqaro maydonda yuksak nufuzga ega, tinchlikparvar, dono siyosatchi edi. Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishida Islom Karimovning xizmatlari juda katta bo‘ldi. Biz bu aloqalarni izchil davom ettirishga tayyormiz”.
Hindistonlik mehmonlar Samarqand shahrining qariyb uch ming yillik tarixidan so‘zlovchi “Afrosiyob” muzeyidagi noyob eksponat va ashyolar, dunyoga mashhur devoriy suratlarni qiziqish bilan tomosha qildi. Shahar o‘tmishi aks ettirilgan hujjatli film ularda katta taassurot qoldirdi.
Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilish chog‘ida mazkur yodgorlikning yaratilish tarixi, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida mustaqillik yillarida bu yerda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari haqida ma’lumot berildi.
Mirzo Ulug‘bek yodgorlik majmui va shahardagi boshqa tarixiy obidalar, milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham hindistonlik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi, deb xabar beradi O‘zA.
Izoh (0)