“Nitssa” futbol klubi 14-iyul kuni shu shaharda sodir etilgan terakt qurbonlarining oilalariga moddiy ko‘mak berish maqsadida xayriya auksionini o‘tkazdi. Tashkilotchilar umumiy miqdorda 121,5 ming yevro to‘play oldi, deb xabar beradi “TASS”.
Kim oshdi savdosining asosiy loti “Nitssa” formasining kolleksion seriyasi komplektlari bo‘ldi. Reklama logotiplaridan xoli oq futbolkalarga yurak chizilgan bo‘lib, uning ichiga fojia qurbonlarining ismlari bitilgan. Futbolkalarning orqa qismiga jamoaning hozirgi tarkibi o‘yinchilarining ismlari va dastxatlari tushirilgan.
Eng qimmat xaridlardan biri shu mavsumdan jamoa tarkibida to‘p surayotgan Mario Balotellining familiyasi tushirilgan futbolka bo‘ldi — uni 11,1 ming yevroga “Nitssa” klubining sobiq prezidenti Andre Dyubua xarid qildi. Xaridorlar orasida, shuningdek, klubning sobiq o‘yinchisi Xatem ben Arfa, Fransiya futbol federatsiyasi, professional futbol ligasi va “Monpelye” futbol klubi vakillari bor edi.
To‘plangan mablag‘lar 14-iyul qurbonlarining oilalariga ko‘mak tarzida yetkaziladi.
Izoh (0)