Buyuk Britaniyada istiqomat qiluvchi erkak bolalikda bobosi sovg‘a qilgan tangalar solingan qopchiq ichidan noyob Queen Anne Vigo tangasini topib oldi. Ushbu tanga 250 ming funt sterlingga baholanmoqda, deb xabar beradi Daily Mail.
Xartfordshir grafligida istiqomat qiluvchi 35 yoshli erkak bolaligida bobosi tomonidan sovg‘a qilingan tangalarni o‘ynab turishi uchun o‘g‘ilchasiga berdi. Bu tangalar shu paytga qadar boshqa qadrdon buyumlar solingan g‘aladon ichida turgandi. Qirolicha Anna tasviri va Vigo so‘zi zarb etilgan besh gineyalik oltin tanga erkakning diqqatini tortdi. U tanganing bugungi qiymatini bilish maqsadida uni auksionistga olib bordi.
Ekspertning kutilmagan javobi erkakni hayratga soldi — tanga bugun noyob buyumlar bozorida 250 ming funt sterling yoki 306 ming dollarga baholanar ekan. Auksionist Gregori Tongning guvohlik berishicha, bu raqamni eshitgan tanga egasi quloqlariga ishonmagan.
Tanga 1703-yilda Angliya tanga saroyida zarb etilgan. U 1702-yilgi dengiz jangi paytida Vigo buxtasida qo‘lga olingan ispan kemasida qo‘lga kiritilgan oltindan so‘qilgan. Bu tangalar jami 20 adadda chiqarilgan bo‘lib, ular o‘sha paytdayoq o‘ta noyob hisoblangan. Shu paytga qadar ulardan 15 tasi turli kolleksiyalarda saqlanayotgani ma’lum edi. Tanga og‘irligi — 42 gramm.
Tanga 16-noyabr kuni kim oshdi savdosiga qo‘yiladi.
Izoh (0)