Teatrga odamlarni qaytarish uchun odamlarni o‘ylantirayotgan va to‘lqinlantirayotgan mavzularda spektakllarni ko‘paytirish hamda teatrlarda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etish lozim. Bu haqda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratov partiyaning V syezdidagi ma’ruzasida aytib o‘tdi.
“Bugungi globallashuv sharoitida xalqning o‘ziga xos qiyofasi, milliy qadriyat va an’analarini asrab qolish, odamlarda yuksak ma’naviy ong va didni tarbiyalashda yana teatrlar beqiyos ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Biroq, teatr san’atiga qiziqish havas qilarli darajada emas. Teatr zallari ko‘pincha tomoshabinlar bilan to‘lib-to‘lmagan ahvolda bo‘ladi”, — ta’kidladi siyosatchi.
“Biz ma’naviy-ma’rifiy hayotimizni yanada rivojlantirish tarafdori ekanmiz, teatrga odamlarni qaytarish uchun, eng avvalo, zamondoshlarimizni o‘ylantirayotgan va to‘lqinlantirayotgan mavzularda badiiy jihatdan yuksak, mahorat bilan sahnalashtirilgan spektakllarni ko‘paytirish, odamlarda, ayniqsa, yoshlarda teatr tomoshasi madaniyatini o‘stirish, eng muhimi, mamlakatimizning barcha teatrlarida ‘Ochiq eshiklar kuni’ tashkil etilishiga erishishimiz ham farz, ham qarz”, — qo‘shimcha qildi Sarvar Otamuratov.
Izoh (0)