Rossiyalik og‘ir atletikachi Apti Auxadovning London–2012 Olimpiadasida olingan doping namunasi qayta tekshirilganidan so‘ng, tarkibida taqiqlangan moddalar borligi aniqlandi. Bu haqda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) matbuot xizmati ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Interfaks”.
XOQ Intizom qo‘mitasi rossiyalik sportchini London–2012 Olimpiadasi kumush medalidan mahrum qilishga qaror qildi.
XOQ, shuningdek, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF)ga Auxadov ishtirokidagi barcha musobaqalar natijasini ko‘rib chiqish vazifasini yukladi.
Xabarda qayd etilishicha, Rossiya olimpiya qo‘mitasi Apti Auxadovning London–2012 da olgan medal va diplomini qaytarib berishini ta’minlashi kerak.
Chechenistonda tug‘ilgan 23 yoshli Apti Auxadov London–2012 Olimpiadasida -85 kilogramm vaznda ishtirok etgan. U 2013-yilgi jahon, 2013-yilgi Yevropa chempioni hisoblanadi hamda 2013-yilgi Qozonda bo‘lib o‘tgan Universiada g‘olibi bo‘lgan.
Izoh (0)