Madridning “Real” jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu gollandiyalik sobiq futbolchi, yon amiotrofik sklerozga qarshi kurashayotgan Fernando Riksenni “Legiya”ga qarshi YChL 3-tur o‘yiniga taklif qildi, deb xabar bermoqda “Chempionat”.
Riksen 18-oktabr kuni “Santyago Bernabeu” stadionida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvga kelishga rozilik berdi. Mazkur o‘yin Toshkent vaqti bilan soat 23:45 da start oladi.
Bundan tashqari, Ronaldu bo‘lajak uchrashuvga “Milan” klubining sobiq hujumchisi Stefano Borgonovoning beva xotinini ham taklif qildi. Riksen singari yon amiotrofik skleroz bilan xastalangan italiyalik 2013-yilning iyun oyida ushbu kasallikdan vafot etgan.“Men yon amiotrofik sklerozni yenga olgan birinchi inson bo‘lmoqchiman”, – dedi Riksen.
Ma’lumot uchun, Riksen Shotlandiyaning “Reynjers” klubi tarkibida 188 ta, Gollandiya terma jamoasi tarkibida esa 12 ta o‘yin o‘tkazgan. Shuningdek, u 2006–2009-yillar davomida Sankt-Peterburgning “Zenit” klubi sharafini himoya qilgan.
Izoh (0)