Bryussellik farrosh “Yevromillion” lotereyasida Belgiya tarixidagi eng yirik mukofotni yutib oldi, shundan so‘ng 17-oktabr, dushanba kuni ishga chiqmadi. Bu haqda Soir gazetasi xabar bermoqda.
Lotereya saytida yozilishicha, mukofot hajmi 168 million yevroni tashkil etdi. Bu Belgiyada mazkur lotereyadan yutib olingan 12-mukofot, hajmi jihatdan esa birinchi o‘rinda — ilgarigi rekord 100 million yevroga teng edi.
G‘olibning nomi xavfsizlik nuqtai nazaridan oshkor etilmayapti, ammo lotereya saytida uning fotosurati e’lon qilindi. U alban ekani, to‘rt farzandi borligi, 45 yoshdan oshgani ma’lum. U 10 yildan beri lotereya o‘ynaydi. Shuningdek, g‘olib mukofotni muhtojlar bilan bo‘lishish niyatini bildirdi.
Lotereya o‘yini 11-oktabr kuni o‘tkazildi. Ammo yutuq sohibining hamkasblari u 17-oktabr kuni ishga chiqmaganini aytdi. U ishdan bo‘shagan-bo‘shamagani hozircha noma’lum.
Izoh (0)