Braziliya qamoqxonalaridan biridagi tartibsizliklar chog‘ida mahbuslardan kamida 25 nafari o‘ldirildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Hodisa mamlakat shimolidagi Rorayma shtati, Boa-Vista aholi punktida joylashgan qamoqxonada ro‘y berdi. Globo telekanaliga ko‘ra, bir necha kishining boshi tanasidan judo etilgan, kamida 7 kishining jasadi yoqib yuborilgan.
Isyon 16-oktabr, yakshanba kuni kechki payt, mahbuslarning yaqinlari va do‘stlariga ularni ko‘rishga ruxsat beriladigan vaqtda boshlandi. Pichoq va tayoqlar bilan qurollangan bir necha o‘nlab kishi muassasaning bir qanotini ikkinchisidan ajratadigan to‘siqni buzib o‘tgan. Qamoqxonaga kelgan 100 ga yaqin odam garovda qoldi, biroq hozirga kelib ular ozod qilingani bildirilmoqda.
Harbiy politsiya vakillarining ta’kidlashicha, tartibsizliklar qarama-qarshi guruhlarning o‘zaro mojarosi tufayli yuz berdi. O‘z navbatida, Rorayma shtati jazoni o‘tash muassasalari xodimlari kasaba uyushmasi ma’lumotiga ko‘ra, Boa-Vistadagi 740 kishiga mo‘ljallangan qamoqxonada 1400 nafar mahbus saqlanmoqda va ularning xavfsizligini ta’minlash imkoniyati mavjud emas.
Izoh (0)