Tailand hukumati qirol Pxumipon Adulyadetning vafoti munosabati bilan e’lon qilingan umummilliy motam sabab mamlakatda qora rangli libos taqchilligi yuzaga kelganidan ogohlantirdi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.
Tailand savdo vazirligi motam liboslarini barqaror ravishda yetkazib berish bo‘yicha ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar bilan faol ish olib borayotganini ma’lum qilgan.
Vazirlikning ichki savdo bo‘yicha bosh direktori Nuntavan Sakuntanaga ishlab chiqaruvchilar hozircha haddan tashqari katta talabni qondira olmayotgani bildirib, iste’molchilardan motam liboslarini sotib olishni biroz keyinroqqa qoldirishni so‘ragan.
Xabar berishlaricha, qirolning o‘limidan so‘ng mamlakatda qora rangli kiyim narxi odatdagidan ikki barobar oshib ketgan holatlar ham aniqlangan.
Vazirlik vakilining ogohlantirishicha, qora rangli liboslar narxini oshirishga uringan sotuvchilar 140 ming bat (taxminan 3 900 dollar) miqdorida jarimaga tortilishi yoki yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 68 yil davomida Tailandga qirollik qilgan Pxumipon Adulyadet 14-oktabr, juma kuni vafot etdi. U 88 yoshda edi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)