O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining virtual qabulxonasiga muammolari tezda hal qilinayotgani uchun yurtdoshlar minnatdorlik xatlari jo‘natmoqda, deyiladi O‘zAda chop etilgan maqolada.
“Bugun O‘zbekiston hukumati portalida faol ishlayotgan Bosh vazirning virtual qabulxonasiga yurtdoshlarimizdan muammolari, ariza va shikoyatlari tezda hal qilingani uchun minnatdorlik xatlari, hayotiy takliflar kelib tushmoqda”, — deyiladi materialda.
Yangiyo‘llik Alisher Tursunov shu yil boshida tuman Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish komissiyasi o‘tkazgan tanlovda g‘olib bo‘lib, 38 gektar yerda “Baxt Kamol Erki” fermer xo‘jaligini tashkil etgan. Fermerning aytishicha, bu yil g‘alla shartnomasini 110 foizga bajarib, niyati g‘allaning puliga kichikroq bir traktor sotib olish edi. Biroq “O‘zdonmahsulot” AK tarkibidagi “G‘alla-Alteg” aksiyadorlik jamiyati fermer xo‘jaligining 50 million so‘m pulini bermay, tadbirkorni uch oy sarson qilgan.
“Shu uch oy ichida deyarli barcha vakolatli tashkilotlarning ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qildim, foydasi bo‘lmadi, bu yoqda yerni haydab bergan traktorchilar kunora uyimga kelib pulini qistaydi, — dedi fermer. — Bosh vazirning virtual qabulxonasiga murojaatimdan so‘ng uch oyda bitmagan ishimni uch kunda hal qilib berishdi: ko‘nglim tog‘day ko‘tarilib ketdi, traktorchilardan ham qarzimni uzdim. Bu virtual qabulxona biz, tadbirkorlar uchun suyanch tog‘i bo‘lmoqda, bu bizni yanada katta kuch-g‘ayrat bilan ishlashga undamoqda”.
Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidan Gulixon Vafoyeva 6-oktabrda jo‘natgan xatida shunday yozadi:
“Hurmatli O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri. Sizga uch masala bo‘yicha amaliy yordam so‘rab, ariza tashlagandim: oilaviy, qishloq sharoiti va Ucell kompaniyasida mobil aloqa yaxshi emasligi haqida. Mutasaddilar kelib, oilaviy va qishloq xo‘jaligi masalalarini hal qilib berdi. Ucell kompaniyasi vakillari qishlog‘imizga antenna o‘rnatish bo‘yicha ishlarni boshlab yubordi. Qishloqda yashayotgan bizdek oddiy fuqarolarning dardiga quloq tutib, masalalarimizni hal etib berayotganingiz misolida sizning Birinchi Prezidentimiz g‘oyalariga naqadar sodiq ekaningizga amin bo‘ldik”.
Yana bir misol: Buxoro viloyati Olot tumanida istiqomat qiluvchi Norjon Safarova yaqinda do‘kondan ikki qop un sotib olgan. Aytishicha, avvalo, plastik kartochka orqali savdo qilgani uchun unga unni qimmatroq sotishgan. Boz ustiga, birinchi nav deb berilgan un ancha sifatsiz bo‘lib chiqqan. Safarova do‘kondor bilan kelisholmagach, adolat izlab tuman soliq idorasiga borgan. U yerda ayolga Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining ishonch telefoniga murojaat qilishni aytishgan. Qo‘mitaning hududiy boshqarmasidan Norjon opani Olot tumani davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markaziga yuborishgan. Bu yerda Safarova sifatsiz unni laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazib, shu xulosa asosida sudga murojaat etishi kerak edi. Ikki qop un keltirgan shuncha dahmazadan boshi gangigan ayol “ikki qop unga kuydim-da”, deb uyiga qaytarkan, televideniye orqali Bosh vazirning virtual qabulxonasi haqida eshitib qolgan.
“Darhol 10-00 qisqa raqamiga murojaat qildim, masala tezda hal bo‘ldi, — dedi Safarova. — Ishim-ku bitdi, lekin o‘ylayman-da: odam hatto aytishga xijolat bo‘ladigan shunday kichik masalani Bosh vazir darajasigacha olib borish kerakmi? Shularni tuman doirasida hal qilsa bo‘lmaydimi? Bunga nima xalal beradi? Hammaga ma’lum gap: quyi bo‘g‘inlardagi ayrim rahbaru xodimlar qog‘ozda go‘yo hamma masalani hal qilaverar, bu muammolar aslida hayotda yechilmay yoki ahvol o‘zgarishsiz qolaverardi. Endi hech kim bunday qilolmaydi. Chunki Bosh vazirning virtual qabulxonasi mamlakatimizning barcha joyidagi asl vaziyatni oynaday ko‘rsatib bermoqda”.
Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi “Texygen” MChJ Rossiyaga ip-kalava mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Shu yil 1-oktabrda “Agrobank”ning Marg‘ilon shahar filiali va Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi ulangan tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimida yuz bergan nosozlik tufayli eksport to‘xtab qolgan.
“6-oktabrda Bosh vazirning virtual qabulxonasiga amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan edik. Bank va bojxona xodimlarining xizmatlari tufayli 7-oktabrda korxonamizdan 42 ming dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirildi. Tezda amaliy yordam ko‘rsatib, xorijiy hamkorlar oldida yuzimizni yorug‘ qilgani uchun O‘zbekiston Bosh vaziridan minnatdormiz”, — deyiladi Texygen direktor o‘rinbosari Avazxon Mo‘minovning jo‘natgan xatida.
“Mahallamizda sement qoplash ishlari bajarilayotgani oqibatida zararli changdan yon-atrofdagi 40–50 xonadon ahli, ayniqsa, farzandlarimizning tez-tez allergiya bo‘lishidan aziyat chekayotgan edik. Bir yil davomida javobsiz qolgan arizamizni besh kunda hal qilib bergani uchun barchamiz Bosh vazirimiz Shavkat Mirziyoyevdan minnatdormiz. Ekologiya sohasi xodimlari kelib, bu muammoga chek qo‘ydi”, — deya xat yo‘llagan Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qiluvchi Muzaffar Abdurahmonov.
“2014-yildan beri hovlimning kadastr hujjatini qilolmayotgan edim. Virtual qabulxonaga murojaatimdan bir kun o‘tib, uyimga tuman kadastr xizmati xodimlari kelib, hovlimning kadastr hujjati tayyor ekanini aytdi. Bu portal – chin ma’noda xalq minbari, muammolar va ularning yechimi aks etadigan ko‘zgu bo‘lmoqda. Bunga o‘z hayotimda amin bo‘ldim”, — deb minnatdorlik xati yo‘llagan Toshkent shahri Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi Saida Sodiqova.
Chirchiq shahridan Temur Kindus shunday yozadi:
“4-oktabrda ‘O‘zsanoatqurilishbank’ ATB Chilonzor filiali xodimlarining milliy valyutani xorijiy valyutaga konvertatsiya qilish bo‘yicha bergan rad javobi yuzasidan qilgan murojaatim ertasi kuniyoq hal bo‘ldi. Muammolarga shunday tez sur’at bilan samarali yechim topishga xizmat qilayotgan virtual qabulxonaga rahmat aytaman”.
Bosh vazirning virtual qabulxonasiga kommunal sohadagi muammolar hal etilgani bois ko‘plab minnatdorlik xatlari kelmoqda. Xususan, murojaatdan so‘ng Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashovchi Dilshod Abduvaliyev, Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi Oyto‘la Solihova xonadonlarida gaz ta’minotidan noto‘g‘ri hisoblangan katta miqdordagi qarzdorlik bekor qilindi. Olmazor tumanida yashovchi Marvaridxon Ibragimova “Katta rahmat, prokuratura xodimlari elektr ta’minotini tiklashga yordam berdi. Har qanday murojaat nihoyatda tezkorlik bilan o‘rganilib, muammolar bartaraf etilmoqda”, deb yozsa, “Bunday tezkorlik va hozirjavoblikka qoyilmiz! Shikoyatimiz darhol o‘rganilib, muammo barham topdi: hovli sahni toza, ozoda, hamma axlat olib tashlanib, yon-atrof tartibga keltirilibdi. Barchasi uchun katta rahmat!”, deya rahmat yo‘llagan chilonzorlik Anastasiya Li.
Buxoro tumani Shergiron qishloq fuqarolar yig‘inidan Niginabonu Baqoyeva shu yil 25-sentabrda yuborgan murojaati asosida ish bilan ta’minlandi. Farg‘ona shahridan Ro‘zmatjon Ahmedov “murojaatimdan so‘ng meni Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga chaqirib, yaqin kunlarda ish berilishini aytishdi. Ishga kirishimdan ham ko‘ra, Bosh vazirimizning bizday oddiy fuqarolarning murojaatiga shunday yuksak e’tiboridan behad quvondim”, deb yozadi. Xorazm viloyati Urganch tumanidan Oybek Ernazarov ham yordam so‘rab yozgan murojaati e’tiborga olingani uchun bir umr minnatdor ekanini o‘z xatida ta’kidlagan: “Bugun uyimizga hokimiyatdan mutasaddilar kelib, singlimni tez orada Toshkentga yuborib, jarrohlik amaliyoti o‘tkazishda yordam berajaklarini aytib ketdi. Bu yaxshiliklarni hech qachon unutmaymiz”. Virtual qabulxonaga murojaatidan so‘ng Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida yashovchi Shahribonu Axtamovani O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligiga chaqirib, san’atda o‘z yo‘lini topishiga yordam ko‘rsatishga va’da berishdi.
Termiz shahridan Otabek Normurodov, Navoiy viloyati Karmana tumanidan Dilbar Muginova kabi tadbirkorlar O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyevga shu yil 5-oktabrda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulk himoyasi, uning daxlsizligi kafolatlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlik rivojidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga xizmat qilishini aytib, samimiy minnatdorlik izhor qilgan.
Chilonzorlik “Kamolot” YoIH faoli Dilyara Meldebekova mamlakatning qator shaharlarida yangi ko‘p qavatli turar-joylar barpo etish borasidagi xayrli tashabbus, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining S. Sirojiddinov nomidagi akademik litseyi o‘quvchisi To‘ra To‘rayev litsey yoshlari nomidan davlatning navqiron avlod kamolotiga ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun minnatdorlik bildirgan. Ular orasida Uchtepa tumanidagi 44-maktabning 5-sinfida o‘qiyotgan Emir-Asan Boqiyevning O‘zbekiston Bosh vaziriga yozgan xati e’tiborli: “Bugun Sizning Sergeli tumanidagi maktablardan biriga borganingizni eshitib, sinfdoshlarim bilan shu xatni yozishga kelishdik. Barchamiz Sizning maktabimizga kelishingizni juda xohlardik. Men surat chizishga juda qiziqaman. Sentabrda ‘Samarqand’ kartinasini chizdim. Agar maktabimizga kelsangiz, shu suratni Sizga sovg‘a qilmoqchi edim”.
Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidan Rinat Abrorov o‘z xatida shunday yozadi:
“2016-yil 29-sentabrda dadamning umumiy ahvoli va uni muntazam davolab kelgan vrachlar haqida yozganman. Murojaatim tekshirilganda, bildimki, Xorazm viloyati onkologiya dispanserida haqiqatan ham kimyoviy preparatlar ta’minoti 30-35 foizni tashkil etar ekan. Bu preparatlar dispanserda bor paytida dadamga to‘liq berilgan, qolgan vaqti o‘zim sotib olganman. Sog‘liqni saqlash vazirligining 191-buyrug‘i bilan tanish bo‘lmaganim sababli vrachlar haqida noto‘g‘ri fikrga borgan ekanman. Kimyoviy preparat taqsimoti bo‘yicha qonunbuzarlik bo‘lmaganini angladim”.
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Suvsulton qishlog‘idan Lochin Jo‘rayev ham virtual qabulxonaga murojaat qilib, “adashib, noto‘g‘ri xabar yozgani uchun” kechirim so‘ragan:
“O‘zim Toshkentda yashayman, qishlog‘imda gaz ta’minoti yetarlicha yo‘lga qo‘yilgan ekan. Menga kelgan noto‘g‘ri xabarga asoslanib, Sizga iltimosnoma yozgandim. Murojaatimni ko‘rib chiqqaningiz uchun rahmat, anglashmovchilik uchun uzr so‘rayman”.
Izoh (0)