O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeyev 108 kun deganda gol urishga erishdi (video)
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeyev Xitoyning “Beytszing Goan” klubi safiga borib qo‘shilganidan buyon ilk golini urdi, deb yozdi “Championat.asia”.
Xitoy Super Ligasining 27-turida “Beytszing Goan” “Chanchun Yatai” mehmoni bo‘ldi va 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Uchrashuvda hisob 18-daqiqada aynan Sergeyevning goli bilan ochilgan bo‘lsa-da, uning jamoasi g‘alabani saqlab qola olmadi. O‘zbekistonlik Yegor Krimets va Igor Sergeyev to‘liq — 90 daqiqa maydonda harakat qildi.
“Chanchun Yatai” safida esa milliy terma jamoaning boshqa bir futbolchisi Anzur Ismoilov to‘liq o‘ynadi.
Sergeyev so‘nggi bor 30-iyun kuni O‘zbekiston Oliy Ligasi doirasida “Obod” darvozasiga gol urgan bo‘lib, shundan keyin birorta uchrashuvda raqib darvozasiga yo‘l topa olmagandi.