Rossiyaning “Progress MS-02” yuk tashuvchi kosmik kemasi Tinch okeanining kemalar o‘tmaydigan hududida cho‘ktirildi. Bu haqda, Parvozlarni boshqarish markaziga asoslanib, “Interfaks” xabar bermoqda.
“‘Progress MS-02’ parvozini yakunladi. Hisob-kitoblarga qaraganda, Moskva vaqti bilan 15:50 da kema atmosferaning zich qatlamlariga kirdi. Shundan so‘ng uning yonmas qismlari Tinch okeani akvatoriyasining belgilangan hududiga quladi”, — deyiladi xabarda.
Kema Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan 31-martda uchirilgan bo‘lib, 2-apreldan buyon Xalqaro kosmik stansiya tarkibida edi. “Progress” stansiyaga 2,4 tonna har xil yuklar yetkazib berdi. Transport kemasi parvozi davrida stansiyada uning dvigatellari yordamida to‘rtta rejali orbita korreksiyasi o‘tkazildi.