2016-yilning o‘tgan davrida o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 9,4 foizga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar 11,2 foizga o‘sishi ta’minlandi. Bu haqda 13-oktabr kuni Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9 oyida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini, 2016-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini amalga oshirish natijadorligini muhokama qilishga bag‘ishlangan majlisida ma’lumot berildi, deb xabar beradi O‘zA.
Majlis ishtirokchilarining asosiy e’tibori joriy yil 5-oktabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonida belgilab berilgan tadbirkorlikni rivojlantirishni jadallashtirish, xususiy mulkni himoya qilish va daxlsizligini kafolatlash huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash, ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirishni so‘zsiz ta’minlash zarurligiga qaratildi. Vazirliklar va idoralar, eng avvalo, huquqni muhofaza qilish tuzilmalari va barcha darajadagi hokimliklar rahbarlarining tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga aralashuvini tubdan qisqartirish bo‘yicha aniq vazifalari va shaxsiy mas’uliyati belgilab berildi.
Kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish davomida 2016-yilning eng muhim obyektlarini ishga tushirishni ta’minlash, mahalliy xomashyo va materiallarni chuqur qayta ishlash hamda kimyo, charm-poyafzal, farmatsevtika, qurilish industriyasi va tayyor oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha tasdiqlangan o‘rta muddatli dasturlar doirasida investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi chuqur va batafsil tahlil qilindi.
Sanoat tarmoqlarini chuqur tarkibiy o‘zgartirish va modernizatsiyalash, rivojlangan ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmalarni shakllantirish bo‘yicha faol investitsiya siyosatini amalga oshirish o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmining 9,4 foizga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar 11,2 foizga o‘sishini ta’minlagani qayd etildi.
Yil boshidan buyon 2016-yilgi Investitsiya dasturi doirasida 100 ta yirik ishlab chiqarish obyekti ishga tushirilgani qayd etildi. Vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari va yirik korxonalar rahbarlarining yil oxirigacha ishga tushirish mo‘ljallangan 64 ta yirik ishlab chiqarish quvvatini foydalanishga topshirishni so‘zsiz ta’minlash, shuningdek, 2017-yil uchun ishlab chiqarish dasturlari uchun zarur xomashyo va materiallarni, eng avvalo, X Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi doirasida xarid qilishga shartnomalar tuzishni tezlashtirish yuzasidan shaxsan javobgar ekanliklari belgilab olindi.
Izoh (0)