1–10-oktabr kunlari Bolgariyaning Blagoyevograd shahrida armrestling bo‘yicha 38-jahon chempionati hamda para-armrestling bo‘yicha 19-jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Musobaqalarda 52 mamlakatdan tashrif buyurgan 1200 sportchi ishtirok etdi. Bu haqda, armrestling federatsiyasiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Musobaqada 29 nafar o‘zbekistonlik sportchi ishtirok etdi. O‘zbekiston terma jamoasi to‘rtta oltin, uchtadan kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritib, jahonning eng kuchli o‘nta jamoasidan biriga aylandi.
O‘spirinlar o‘rtasidagi bahslarda Zohir Fayzullayev (50 kilogrammgacha, o‘ng qo‘l), Muxlisa Tursunboyeva (45 kilogrammgacha, o‘ng va chap qo‘llar) va Doniyor Mirzayev (75 kilogrammgacha, o‘ng qo‘l) armsport bo‘yicha jahon chempioni bo‘ldi.
Mirzayev, oltin medaldan tashqari, chap qo‘lli bellashuvlarda kumush medalni ham qo‘lga kiritdi. Sulton Ne’matullayev (80 kilogramm, chap qo‘l) va Shohruh Abduyoqubov (65 kilogramm, chap qo‘l) kattalar o‘rtasida vitse-chempion bo‘ldi.
Xumora Rahmonqulova (50 kilogrammgacha), Shahnoza Abdurahmonova (65 kilogramm) va Dilobar Abdurahmonova (60 kilogramm) chap qo‘lda bronza medallarga ega bo‘ldi.
Birinchilik yakunlariga ko‘ra o‘zbekistonlik xalqaro toifadagi hakam Dmitriy Dukachyov eng yaxshi referi deb tan olindi.
Izoh (0)