Minskda istiqomat qiluvchi 11 yoshli maktab o‘quvchisi 4 oy davomida uch nafar do‘sti ko‘magida otasidan pul o‘g‘irlab kelgani aniqlandi. Politsiya rasmiy vakili Tatyana Kovalyovaning so‘zlariga qaraganda, keltirilgan zararning umumiy hajmi 10 ming Belarus rublini (5,2 ming dollar) tashkil qilgan, deb xabar beradi “Interfaks”.
Huquq-tartibot idoralari axborotiga ko‘ra, o‘spirin otasining ruxsatisiz pul saqlanadigan xona kalitini olib, u yerdagi pulni qismlab olib chiqqan, bu paytda esa uning do‘stlari eshikni poylab turgan.
Bola bu pullarni ko‘ngil ochishga va do‘stlariga qimmatbaho sovg‘alar olib berishga sarflagan. Jumladan, u do‘stlariga 600 rublga velosiped, iPhone, sport buyumlari olib bergan. Do‘stlaridan biriga 600 rubl berib, onasi televizor sotib olishi uchun taqdim etishini aytgan. Yoz oylari davomida do‘stlar har kuni ko‘ngilochar bog‘lardagi attraksionlarda uchgan, kuniga bir necha marotaba McDonald’s restoranlarida ovqatlangan.
Bolalar voyaga yetmagani bois ularga nisbatan ish qo‘zg‘atilmaydi. Ammo ularning ota-onalariga nisbatan bolalarni tarbiyalash bo‘yicha vazifasini bajarmaslik yuzasidan ma’muriy bayonnomalar tuziladi.
Izoh (0)