Poytaxt Toshkent mezbonlik qilayotgan dzyudo bo‘yicha Gran-Pri turnirida o‘zbekistonlik sportchilar yana 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bunga qadar oltinlar soni 4 ta bo‘lib turgandi, endi esa ularning soni 6 taga yetdi.
100 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi bellashuvlarda Soyib Qurbonov barcha raqiblarini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Mazkur sportchi Rio—2016 Olimpiadasining birinchi kurashidayoq imkoniyatni boy bergandi.
“Olamsport” mazkur vazn toifasida Erkin Doniyorov bronzaga ega chiqqani haqida yozdi.
90 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi musobaqada esa uch nafar o‘zbekistonlik sportchi shohsupadan joy oldi. Finalda Yaxyo Imomov vatandoshi Davron Sattorovning kuragini yerga tekkazdi. Bronza esa boshqa bir o‘zbekistonlik Muhammadkarim Hurramovga nasib qildi.
Izoh (0)