Sport kiyimlarini ishlab chiqaruvchi AQShning Nike kompaniyasi rossiyalik tennischi Mariya Sharapova bilan hamkorlikni qayta tiklashga umid qilmoqda, deya ma’lum qildi “TASS”.
2016-yilning mart oyida Nike doping qabul qilganligi uchun Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan ikki yilga tennisdan chetlatilgan rossiyalik tennischi bilan hamkorlikni to‘xtatgandi.
4-oktabr kuni Sport arbitraj sudi Sharapovaning apellyatsiyasidan so‘ng uning 26-yanvardan kuchga kirgan diskvalifikatsiyasini 24 oydan 15 oygacha qisqartirdi.
Mariya Sharapova 2017-yilning 26-aprel kunidan boshlab tennis musobaqalarida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.
“Mariya aprel oyida o‘zining sevimli sport turiga qaytayotganidan xursandmiz. U bilan hamkorlik qilishga hamda uning kort va kortdan tashqaridagi g‘alabalariga sherik bo‘lishga umid qilamiz”, – deyiladi Nike kompaniyasining bayonotida.
Shunday qilib, rossiyalik tennischining 2017-yildagi birinchi “Katta dubulg‘a” turkumidagi turniri Fransiya Ochiq chempionati bo‘ladi. Mazkur turnir 28-may – 11-iyun kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Diskvalifikatsiya qilinishidan avval dunyoning 7-raketkasi bo‘lgan Mariya Sharapova ayni damda WTA reytingida 95-o‘rinni band qilib turibdi.
Izoh (0)